Shu bois, yurtimizda maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, tarmoqlarini kengaytirish, malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, bolalar qamrovini keskin oshirish, taʼlim-tarbiya jarayoniga zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish hamda maktabga sifatli tayyorlash borasida keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida meʼyoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, maktabgacha taʼlimning davlat standartini ishlab chiqish, maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilarini moddiy resurslar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon bilan taʼminlash normativlarini tasdiqlash, muqobil maktabgacha taʼlim shakllarini amalga oshirish tartibini ishlab chiqish vazifasi belgilangan.
Eng ahamiyatlisi, xalqaro taʼlim standartlariga javob beradigan sifatli kadrlar tayyorlash, agar yetishmasa, xorijdan mutaxassislarni jalb etish, chet elga malaka oshirish safarlari uyushtirish, xodimlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlari ishlab chiqildi. Ayni paytda Urganch davlat pedagogika institutida maktabgacha taʼlim boʻyicha ham bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda. Talabalarga asosan, pedagogik va psixologik nazariy bilimlar, amaliy mashgʻulotlarni mustahkamlash maqsadida zamonaviy pedagogik texnologiyalar, usullar va vositalardan foydalanish, zarur hollarda individual hamda differensial taʼlim boʻyicha dars oʻtilmoqda.
Oʻquv jarayoniga salohiyatli professor-oʻqituvchilar jalb etilgan. Yangicha ijtimoiy sharoitdagi taʼlim-tarbiyadan koʻzlanayotgan maqsadlarga erishish, bilimli, har tomonlama yetuk mutaxassis qilib tarbiyalash va kasbga yoʻnaltirish uchun maktabgacha taʼlim yoʻnalishi talabalariga “4K” modeliga asoslangan (kommunikatsiya, kritik fikrlash, kollaboratsiya, kreativ fikrlash) nazariy bilimlar berilmoqda.
Prezidentimizning 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 2- va 3-bosqich talabalari uchun haftalik oʻquv mashgʻulotlarini “4+2” tartibida, yaʼni darslarning 4 kuni oliy taʼlim muassasasida, 2 kuni maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida amaliyot oʻtashtartibida olib borilishi vazifasi belgilangan.
Hozir Urganch davlat pedagogika institutida “4+2” tartibiga mos holatda ishlab chiqilgan malaka talablari, oʻquv rejalari, malakaviy amaliyot dasturlari asosida talabalar amaliyotini sifatli tashkil etish hamda pedagoglikka munosib tayyorlash ishlari tizimli bajarilmoqda. Joriy oʻquv yilidan institut talabalari Urganch shahridagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “4+2” tartibida amaliyot oʻtamoqda. Ushbu oʻquv shakli nazariya va amaliyot uygʻun holatda olib borilishi bilan ahamiyatli. Amaliyot jarayonida talabalar bilim va koʻnikmasini har tomonlama koʻrsatish hamda tizim bilan yaqindan tanishish, muhitni his qilish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Hozir talabalarni kasbga yoʻnaltirish, kerakli pedagogik koʻnikmalar, jumladan, kreativlik, ijodiy fikrlash va muammolarni hal qilish qobiliyatini rivojlantirish maqsadida “Talabalar muzeyi” va “Talabalar teatr studiyalari” ishlamoqda. Shu bilan birga, “Qoʻgʻirchoq teatri”, “Teatr sahnalashtirish ustaxonasi”, “Tabiat inʼomlaridan dizayn” kabi toʻgaraklar faoliyat yuritmoqda. Talabalar pedagogik yondashuvini amaliyotda sinab koʻrishi uchun innovatsion pedagogik loyihalar yaratish va amalga oshirish imkoniyatiga ega.
Institutning maktabgacha taʼlim yoʻnalishi professor-oʻqituvchilari va talabalarida xalqaro darajadagi bilim va koʻnikmalarni shakllantirish uchun Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarning oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda bir qancha loyihalar ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq qilindi. Talabalar oʻquv jarayoniga jalb etilgan chet ellik olimlar faoliyati orqali ham yoshlar xorijiy davlatlarning maktabgacha taʼlim tizimlarini oʻrganmoqda. Bu global taʼlim jarayoniga kengroq nuqtayi nazar bilan qarash va yondashish imkoniyatini bermoqda.
Bugungi tarbiyachi bolalarga kundalik hayotda, oʻyinlarda, mashgʻulotlarda, birgalikda mehnat faoliyatida va oʻzaro muomalada ijobiy taʼsir koʻrsata olishi, har bir bolani diqqat bilan oʻrganishi hamda shaxsiy xususiyatlari va qobiliyatini bilishi, pedagogik nazokatini namoyon qilishi, oʻgʻil-qizlarning xulq-atvori, ish natijasini haqqoniy baholashi, oʻz vaqtida yordam koʻrsatishi, oiladagi ahvoli bilan qiziqishi lozim.
Shularni inobatga olgan holda Urganch davlat pedagogika instituti huzurida Maktabgacha taʼlim ilmiy laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bunday laboratoriya ochilishi talabalarga nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy tajribalarni ham taqdim etadi. Shuningdek, magistr va doktorantlarning ilmiy tajriba-sinov ishlarida ham katta yordam beradi. Bu, ayniqsa, pedagogik faoliyatning nazariy jihatlarini amalda qoʻllash, bolalar bilan ishlashda tajriba orttirish uchun zarur.
Maktabgacha taʼlim tashkiloti orqali talabalar bolalar bilan ishlashda kerakli pedagogik koʻnikmalarni rivojlantirishi mumkin. Qolaversa, taʼlim metodikalarini qoʻllash, tarbiyaviy faoliyatni boshqarish, bola psixologiyasini yanada chuqur his qilish uchun keng sharoit yaratiladi.
Feruza MADRAHIMOVA,
pedagogika fanlari
doktori, dotsent









