“Qamrov oshdi, lekin sifat boʻyicha qiladigan ishlarimiz koʻp. Bogʻchalar nafaqat tarbiya, balki bolada taʼlim olish uchun ilk koʻnikmalarni shakllantiradigan maskanga aylanishi kerak”, — dedi Prezident.
Olti yoshli bolalar maktabga tayyorlov guruhlariga deyarli toʻliq qamrab olindi. Keyingi yil bu raqam 100 foizga chiqishi kutilmoqda.
Endilikda joriy yildan ilgʻor xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlangʻich taʼlim oʻquv dasturlarini oʻzaro uygʻunlashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Bunda Singapurning nufuzli tashkiloti bilan bogʻcha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yoʻnalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga oʻrgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi.
Davlat va xususiy bogʻcha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi.