Tadbirda Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Oʻzbekiston Kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Madaniyat va turizm vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining masʼul xodimlari, taniqli yozuvchi va shoirlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, akademiya harbiy xizmatchi va kursantlari ishtirok etdi.

Tanlovni oʻtkazishdan maqsad — Favqulodda vaziyatlar vazirligida harbiy xizmatchilarni jonajon Vatanimiz, xalqimiz, milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-maʼnaviy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalash, dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, ijodiy salohiyatini oshirish, maʼnaviy barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishlarida koʻmaklashish, iqtidorli, ijodkor yoshlarni ragʻbatlantirish, ularning oʻz aql-zakovatini namoyon etishga koʻmaklashish, kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish hamda oʻzbek va jahon adabiyotining sara asarlariga mehr uygʻotishdan iborat.

Tadbirni vazirlik boshqarma boshligʻi, polkovnik Abduazim Axmadxodjayev ochib, Yangi Oʻzbekistonda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shu bilan birga, Vazirlik tizimida xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilarning hayotiy va professional koʻnikmalarini ilm-maʼrifat asosida qalbi va ongiga singdirish, mamlakatimiz hayotidagi real ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar, aholining hayoti va sogʻligʻini asrashdek sharafli va mashaqqatli xizmatlari bilan uygʻun ravishda ularning bilimlarini oshirib borish joizligini alohida taʼkidlab, ishtirokchilarga omad tiladi.

Shundan soʻng tanlov nizomi asosida shartlar boʻyicha chiqishlarga berildi. Tanlovda jamoalar “Blis-savollar”“Test savollari”, “Suratdagi tarix” shartlari boʻyicha bellashdi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar va kursantlar tomonidan tayyorlangan ona Vatanimizni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Tadbir yakunida Vazirlik rahbariyati tomonidan gʻoliblar va faol ishtirokchilarga diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Farhodjon XOJAYEV,

Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Akademiyasi katta oʻqituvchisi, mayor.