Tarixda birinchi marta akula organizmida giyohvand modda aniqlandi

    Olimlar Braziliyaning Rio-de-Janeyro qirg'oqlarida tutilgan 13 ta akula organizmida kokain izlarini topdi, deb xabar berdi Osvaldu Kruz tadqiqot jamg'armasi.

    “Osvaldu Kruz jamg'armasi dunyoda birinchi bo'lib akulalar organizmida kokain izlarini aniqladi. Bu ma'lumotlar shaharda giyohvand moddalar iste'mol qilish darajasi yuqori ekanligini va bunday moddalar kanalizatsiya tizimi orqali dengizga tushishidan dalolat beradi”, deyiladi jamg'arma xabarida.

    Jamg'armaning tadqiqotiga ko'ra, go'shti oziq-ovqat sifatida iste'mol qilinadigan Braziliyadagi akulalarning 13 tasining muskullari va jigarida kokain borligi aniqlandi.

    Tadqiqotda ishtirok etgan olimlardan biri Enrike Mendes Sajjoruning ta'kidlashicha, kokain izlari avvallari suvda va ba'zi dengiz hayvonlari, masalan, midiya tanasida topilgan, ammo bu giyohvand moddalarning akula organizmida aniqlanishi bilan bog'liq ilk holatdir, deb xabar beradi ria.ru.