Tarixda birinchi marta Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi oʻyinlari oʻtkaziladi

    Sport 6 Iyul 2020 1420

    Bugun Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida I Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi oʻyinlarini oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan videokonferensiya oʻtkazildi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov hamda vazirlikning boshqarma boshliqlari qatnashdi.

    Hozirda butun dunyoda koronavirus pandemiyasi sababli sport oʻyinlarini oʻtkazishda muammolar tugʻilmoqda. Rossiya Federatsiyasidagi mavjud sanitariya-epidemiologik vaziyat tufayli ayni paytda ilk marotaba tashkil etilayotgan sport oʻyinlarini 2020-yil 4-sentyabrdan 11-sentyabrgacha oʻtkazish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda. Videokonferensiyada sport oʻyinlarini oʻtkazish tartibi, xavfsizlik choralari, tibbiy yordam koʻrsatish masalalari muhokama etildi.

    Taʼkidlash joiz, I Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi oʻyinlarida sportning 22 turi boʻyicha bellashuvlar oʻtkaziladi. Boks, sohil voleyboli, stol tennisi, badiiy gimnastika, suv polosi shular jumlasidan. Sportchilar bellashuvlarda 284 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib borishadi.

    Musobaqalarda 14 yoshdan 23 yoshgacha boʻlgan sportchilar ishtirok etadi. Hozircha sport oʻyinlarida MDHga aʼzo 7 mamlakatdan ming nafardan ziyod delegatlar qatnashishi kutilmoqda. Barcha delegatsiya aʼzolarini roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni onlayn tarzda akkreditatsiya tizimida amalga oshiriladi.

    Oʻyinlar Qozon shahrining 14ta sport inshootida boʻlib oʻtadi.

    Sport oʻyinlari davomida “Sportchilar qishlogʻi”da ishtirokchilar uchun tibbiy markaz tashkil etilib, sport inshootlaridagi doping nazorat punktlari ochiladi. Shuningdek, bepul tibbiy yordam xizmatlari yoʻlga qoʻyish rejalashtirildi.

    Yurtimizda joriy yilning 1-avgustiga qadar karantin qoidalari joriy etilgani bois mavjud sanitariya-epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda sportchilarimizning musobaqada ishtirok etishlari buyicha yakuniy qarorni Respublika maxsus komissiyasi qabul qiladi.

    Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
    Matbuot xizmati