Taraqqiyot sari intilayotgan davlat borki, doim tarixga nazar solib, mamlakatning mavjud urf-odat, anʼana va qadimiy yodgorliklarini oʻrganishga hamda saqlashga zarurat sezishi tabiiy. Bu borada muzeylarning oʻrni va ahamiyati beqiyosligini mutaxassislar bir ovozdan taʼkidlaydi. Chunki bu maskanlarda oʻtmishdan kelayotgan tarixiy moddiymadaniy, maʼrifiy, tabiiy yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan majmuasi amaldagi qonun-qoidaga muvofiq saqlanadi va namoyish qilinadi.
Shu yilning 26-aprel kuni Prezidentimiz raisligida turizm xizmatlari koʻlamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida muzeylar faoliyatini samarali tashkil etishga alohida toʻxtalib oʻtilgani bejiz emas. Chunki xalqimizning boy oʻtmishidan soʻzlovchi bu maskanlar turizmni rivojlantirishda ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois, yigʻilishda yurtimizdagi barcha muzeylar eksponatlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularning elektron bazasini yaratish, muzeylar rahbar va xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Navoiy viloyatida ichki turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Ulardan oqilona foydalanish, viloyatdagi turizm markazlarida sayyohlar uchun yetarli sharoit yaratish, muzeylar faoliyatini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan masʼul tashkilotlarga tegishli vazifalar koʻrsatib oʻtildi.
Jumladan, moddiy va nomoddiy madaniy merosimizni oʻrganish, ajdodlarimiz qoldirgan boy tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash, muzeylarda saqlanayotgan osori atiqalarni kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazish uchun muzeyimiz xodimlari ishtirokida tegishli maqsad va vazifalar belgilab olindi. Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi 30 yillik tarixga ega.
Fondida arxeologiya, numizmatika, amaliy sanʼat hamda etnografiyaga oid 25 mingdan ortiq bebaho eksponat saqlanmoqda. Viloyatda muzeyning toʻrtta filiali ham faoliyat olib bormoqda: Qosim shayx majmua muzeyi, Qiziltepa tarixiy oʻlkashunoslik muzeyi, Nurota tabiiy-meʼmoriy majmuasi hamda Sarmishsoy davlat muzey qoʻriqxonasi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi “2017-2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha komleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan chora- tadbirlar rejasiga koʻra, Navoiy viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyida ham keng koʻlamli ishlar bajarildi.
Jumladan, yangi muzey konsepsiyasi asosida turli boʻlimlar fondida saqlanayotgan tarixiy, qadimiy muzey ashyolari va kolleksiyalari namoyishi uchun reekspozitsiya ishlari amalga oshirildi. Koʻrgazmaga qoʻyilgan mis va boshqa metallardan ishlangan maishiy buyumlar, anʼanaviy kiyimlar esa qadimgi odamlar turmush tarzini ochiq namoyon etib, davrlar silsilasida qanchalik darajada oʻzgarib borganini aks ettiradi.
Muzeyning boy ekspozitsiyasi Zarafshon vohasi, Navoiy viloyati hududining tosh davridan bugungi kuniga qadar boʻlgan zamonaviy tarixini oʻzida qamrab olgan. Xususan, qadimiy eksponatlar oʻrin olgan boʻlimlar kishida katta qiziqish uygʻotadi. Sayyohlar, avvalo, xalqimizning eng qadimiy xalq amaliy sanʼati boʻlgan kulollik, temirchilik ashyolari bilan yaqindan tanishib, tarixiy shaxslarning ham asosan kulollik bilan shugʻullangani haqida maʼlumotga ega boʻladi.
Muzeyga kelganlar sayohat davomida tarixiy ashyolar, nodir qoʻlyozmalar, hujjatlarga qarab ajdodlarimiz tarixi va hayoti hamda yuksak maʼnaviyatidan xabardor boʻladi. Bu esa yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida ota-bobolarimiz qoldirgan merosga hurmat, eʼzoz va muhabbat tuygʻusini uygʻotish bilan birga, Vatanimizga munosib farzand boʻlish hissini ham shakllantiradi.










