Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillari tamal toshi qoʻyilgan bu koʻhna va navqiron oliy taʼlim dargohiga 1992-yilda universitet maqomi berildi.

Universitetimiz oʻtgan davrda mamlakatimiz va qoʻshni davlatlarga turli sohalar boʻyicha oliy malakali mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. Yaratilgan keng imkoniyat va qulay shart-sharoitlar tufayli xorijlik talabalar, olimlarning oliy oʻquv dargohimizga qiziqishi ortayotir. Bu universitetimiz obroʻsi oshib, mamlakatimiz taʼlim tizimi yuksalib borayotganidan dalolat.

Qadim va navqiron Buxoroni nafaqat sayyohlik markazi, balki dunyo olimlari intiladigan, tinchlik, maʼrifat va ilm-fan tarqaladigan yirik maskanga aylantirish muhim maqsadlardan. Shu bois, azim shaharda ilmiy maktablar anʼanasini tiklashda Buxoro davlat universiteti tashabbuskor boʻlmoqda. Zero, millatimizning maʼnaviy yuksalishi, ilm-fanga yuksak eʼtibori va Uchinchi Renessans sari tashlangan qatʼiy qadamlarida shu paytgacha shakllangan anʼanalar bilan zamonaviy ilm-fan yutuqlari uygʻunligi katta ahamiyat kasb etadi.

Tarixi bir asrga boʻylashayotgan bu oliy oʻquv yurti aslida oʻz sarchashmasini 712-713-yillarda Buxoro arki ichida qurilib, dastlab ham maktab, ham madrasa vazifasini bajargan jome masjididan, qolaversa, VIII asrning oʻrtalaridayoq musulmon olamida bunyod etilib, 937-yilgi katta yongʻindan talofat koʻrgan Forjaq madrasasidan olgan. Keyinchalik Buxoroda bunyod etilgan va islom olamida alohida nufuz kasb etgan Mir Arab, 1652-yilda ish boshlagan Abdulazizxon madrasasi, Abdullaxon, Nodir devonbegi, Koʻkaldosh madrasalari oliy taʼlim berish borasida katta mavqega ega boʻlgan. Buxoroi sharifning bu kabi madrasalarida turli davrlarda buyuk hadisshunos Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, qonunshunos Abu Hafs Kabir, mashhur tabib Abu Ali ibn Sino, muarrixlar Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar Narshaxiy, Hofiz Tanish Buxoriy, mutasavvuflar Abduxoliq Gʻijduvoniy, Umar Xayyom, Abdurahmon Mushfiqiy, Mulham Buxoriy, Nosir Buxoriy, Sayfiy Buxoriy, Xayoliy Buxoriy, Hasanxoja Nisoriy, Maxtumquli, Turdi Farogʻiy, Mujrim Obid, Rahmatulla Vozeh, maʼrifatparvarlar Ahmad Donish, Abdulqodir Savdo, Shamsiddin Shohin, Muhammad Aminxoʻja Muqimiy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Berdi Kerboboyev, baxshi Ergash Jumanbulbul oʻgʻli kabi ulugʻ insonlar tahsil olgan.

Imom Buxoriy asos solgan hadisshunoslik maktabi, undan keyin shakllangan kalom hamda fiqh maktablari butun islom dunyosining huquqiy va maʼnaviy poydevoriga aylanib, Buxoroga “qubbatul islom” maqomi berilishga sabab boʻlgan. Abu Ali ibn Sinoning ilmiy izlanishlari tibbiyot ilmini jahon miqyosida rivojlantirdi. Buxorolik yetti pir tasavvuf va falsafa maktablari shakllanishiga olib kelib, nafaqat yurtimizda, balki islom olamida chuqur falsafiy, diniy-axloqiy, ijtimoiy ilmlarni taraqqiy toptirdi. Mana shularni inobatga olib, Buxoroning tarixiy maqomini tiklash va madaniy-ilmiy markazga aylantirish boʻyicha Buxoro davlat universitetida amaliy qadamlar qoʻyilmoqda. Bunda, albatta, davlatimiz tomonidan belgilab berilgan maʼrifiy taraqqiyot yoʻlida Buxorodagi boy madaniy va ilmiy merosni asrab-avaylash barobarida, uni bugungi kun va istiqbol manfaatlariga xizmat qildirish koʻzda tutilmoqda. Buxoro davlat universiteti bitiruvchilari orasidan davlat arboblari, taniqli olimlar, shoiru yozuvchilar, maorif va iqtisodiyotning turli jabhalarida muvaffaqiyat bilan ishlab, xalq va davlatning ehtiromi va eʼzoziga sazovor boʻlgan koʻplab insonlar, ishlab chiqarish, sanoat, madaniyat, sanʼat, xalq taʼlimi xodimlari, ustoz-murabbiylar, jurnalistlar, deputatlar, xalqaro sport musobaqalari gʻoliblari yetishib chiqqan. Uning tarixida akademik Toʻra Mirzayev, xalq shoiri Jamol Kamol, xalq yozuvchisi Neʼmat Aminov, Tojikiston xalq shoirasi Gulchehra Sulaymonova, adabiyotshunos Ibrohim Haqqulov, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalari xalq artisti Ahmadjon Shukurov, bastakor Oʻlmas Rasulov, erkin kurash, sambo, boks boʻyicha jahon chempionlari nomi hamisha faxr bilan tilga olinadi. Universitetda fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasida innovatsion korporativ (oʻzaro manfaatli) hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar yaratish, shu asosda respublika yarmarkalarida professor-oʻqituvchilarning samarali ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Tajribali ilmiy maktablar anʼanasini davom ettirish, koʻp yillik ilmiy, pedagogik va kasbiy tajribaga ega olimlar salohiyatidan unumli foydalanish, iqtidorli talabalarni ilmiy tadqiqot ishlariga keng jalb etish va istiqbolli ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlash boʻyicha maqsadli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Taʼlim dargohida folklorshunoslik, oʻzbek tili va adabiyoti, Oʻzbekiston tarixi, fizika, biologiya, kimyo, matematika, psixologiya, pedagogika, chet tillar, maʼnaviyat asoslari va huquq kabi fanlar boʻyicha ilmiy maktablar yaratilgan. Natijada ilmiy jihatdan yuqori natijalarga erishilyapti.

Universitet jamoasi respublikamiz taʼlim tizimi uchun adabiyotlar yaratish boʻyicha ham faol. Bundan tashqari, OTMda ustoz-shogird tizimini yuqori bosqichga koʻtarish, yosh olimlar, iqtidorli talabalarni kashf etish, xususan, yoshlarning ilm-fanga qiziqishi va ragʻbatini oshirishga yetarli sharoit yaratilyapti. Umumiy maydoni 30,2 gektar boʻlgan hududda 20 ming oʻrinli zamonaviy oʻquv binolari, 5400 oʻrinli shinam va barcha sha- roitga ega talabalar turar joylari, zamonaviy laboratoriyalar, axborot-resurs markazi, stadion hamda sport-sogʻlomlashtirish majmualari barpo etilmoqda. Ilk natija sifatida shu oʻquv yilida yangi kampus hududida 2700 oʻrinli yangi zamonaviy oʻquv binosi foydalanishga topshirildi.

Xalqaro hamkorlik borasida xorijiy davlatlardagi koʻplab ilmiy-oʻquv markazlar va universitetlar, xorijiy tashkilotlar bilan ilmiy aloqalar oʻrnatilmoqda. Xalqaro dastur va fondlar bilan bogʻliq chet el grantlariga erishish ham doimiy eʼtiborda.

Qisqasi, Buxoro davlat universiteti kecha va bugun oʻzgacha qiyofada namoyon boʻlmoqda. Uning kechagi tarixi kelajak yoʻlini belgilaydi. Bugun Buxoroda boy ilmiy merosni chuqur oʻrganish va qadimiy ilmiy maktablarni yangi davr talablari asosida qayta tiklash jarayoni faol amalga oshirilmoqda.