Tarixiy ahamiyat kasb etgan O‘zbekiston – Ozarbayjon sammiti yakunlandi

    Toshkent xalqaro aeroportida Prezident Ilhom Aliyev va rafiqasini O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kuzatib qo‘ydi.

    Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida qator qo‘shma tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

    Bugun oliy darajada tor doiradagi muzokaralar va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, Prezidentlar O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.


    Ikki tomonlama munosabatlarni davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasiga ko‘targan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi. Hukumatlararo va idoralararo hujjatlar almashildi.

    So‘ng yetakchilar ikki mamlakat ishbilarmonlari vakillari bilan uchrashib, qator kooperatsiya loyihalarini ishga tushirdilar.


    Davlat rahbarlari rafiqalari bilan birgalikda O‘zbekiston va Ozarbayjon san’at ustalarining konsertida ishtirok etdilar.

    Tashrif tadbirlari yakunlangach, Toshkent xalqaro aeroportida Prezident Ilhom Aliyev va rafiqasini O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kuzatib qo‘ydi.