Mamlakat taraqqiyoti qo'shni davlatlar bilan o'zaro do'stlik va qardoshlik aloqalarining mustahkamligi bilan chambarchas bog'liq. Yana shunday murakkab va chigal muammolar borki, uni bir yoki ikki davlat hamkorligi bilan hal qilib bo'lmaydi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti ana shunday global muammolarni echish, unga a'zo davlatlar iqtisodiyotini yuksaltirish, tinchligi va xavfsizligini ta'minlash masalalarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joriy yilning 17 -sentyabr kuni Dushanbe shahrida o'tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi xalqaro tashkilotning o'tgan 20 yildagi faoliyatining asosiy yakunlari hamda ko'p qirrali hamkorlikning istiqboldagi ustuvor vazifalariga bag'ishlandi.
O'zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining asoschi davlatlaridan biri. YUrtimiz ushbu xalqaro tashkilotga savdo-iqtisodiyot, transport va madaniy-gumanitar sohalarda ko'p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy xavf-xatarlar va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishning muhim vositasi sifatida qaraydi.
O'tgan 20 yilda tashkilot xalqaro doirada nufuzli tuzilmaga aylandi. Bugun SHHT makoni dunyo aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, boy tabiiy resurslar, ilg'or texnologiyalar va ulkan iste'mol bozoriga ega. Shu jihatdan, O'zbekiston tomoni anjumanda bugungi xalqaro munosabatlarda Shanxay hamkorlik tashkilotining roli oshib borayotganini ta'kidlab, savdo to'siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni yaqinlashtirish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish hamda o'zaro bozorlarga chiqishni engillashtirishni nazarda tutadigan mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish bo'yicha qo'shma harakatlar rejasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
SHHTga a'zo davlatlar o'rtasida uzoq muddatli yaxshi qo'shnichilik, do'stlik va hamkorlik to'g'risidagi shartnomani amalga oshirish bo'yicha 2023—2027-yillarga mo'ljallangan kompleks dasturni tayyorlash va qabul qilish taklif etildi. Shuningdek, transport bog'liqligini rivojlantirish bo'yicha SHHT strategiyasining qabul qilinishi mamlakatlarimiz tranzit salohiyatini to'liq ishga solish hamda “SHarq-G'arb” va “SHimol-Janub” yo'laklari tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bildirildi.
O'z navbatida, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarni faollashtirish maqsadida sammit ishtirokchilarining e'tibori SHHT makonida ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining uchrashuvlarini qayta tiklash muhim ekaniga qaratildi. Zamonaviy tahdid va xatarlarga munosib javob qaytarish uchun SHHTning axborot xavfsizligi sohasidagi ekspertlar forumini ta'sis etish masalasi ham ko'rib chiqildi.
Albatta, yirik anjuman yangi va muhim kelishuvlarga yo'l ochdi. Xususan, savdo-iqtisodiy aloqalar sur'atini davom ettirish va yangi “o'sish nuqtalari”ni aniqlash maqsadida qo'shma Hukumatlararo komissiya ishini faollashtirishga kelishib olindi. endilikda “yo'l xaritasi” asosida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish istiqbollari hamda ikki mamlakat tranzit salohiyatini samarali ishga solish imkoniyatlari vakolatli idoralar darajasida puxta o'rganiladi.
Bir so'z bilan aytganda, yurtimiz taraqqiyotida SHHTning o'rni va salohiyati juda katta. Bu tashkilotga a'zo davlatlar teng huquqqa ega hamda o'zaro hamjihatlik va do'stlik poydevori ustiga qurilgan bo'lib, undan a'zo davlatlarning har biri manfaatdordir.
Dilbar USMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Xalqaro ishlar va parlamentlararo
aloqalar qo'mitasi a'zosi