UNWTO Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida O'zbekiston Respublikasi Turizm qo'mitasi raisi U. Shodiyev, "O'zbekiston temir yo'llari" AJ boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari X.Rahmetov va Italiyaning "Arsenale Group" kompaniyasi bosh direktori P.Barletta o'rtasida anglashinuv Memorandumi imzolandi.
Unga ko'ra, 2026-yil oxiridan boshlab O'zbekistonning tarixiy shaharlari o'rtasida "Luxury Train Cruising" sayyohlik poyezdi qatnovi yo'lga qo'yiladi. Loyiha O'zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko'magida amalga oshirilmoqda.
“Ushbu hamkorlikdan maqsad O'zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosini butun dunyoga tanitish, ichki va tashqi turizmni yanada rivojlantirishdir, — dedi Turizm qo'mitasi raisi Umid Shodiyev. — Yangi sayyohlik poyezdi turistlar uchun yurtimizning tarixiy obidalarini yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi”.
"O'zbekiston qiziqarli me'moriy obidalar, qimmatli tarixiy merosga ega, shuning uchun ham hamkorlik maqsadida aynan yurtingizni tanladik, — dedi P.Barletta. – Temir yo'l qatnovi, transport turizmning kelajagida muhim ahamiyatga ega. Bugungi hamkorlik O'zbekistonning tarixiy va madaniy boyliklarini kashf etishga yordam beradi”.