“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar boʻlgan ozdiruvchi qahva mahsulotlarining respublikamiz hududiga olib kirilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qoʻyishdi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum boʻlishicha, poytaxt aeroportida “Istanbul-Toshkent” reysi boʻyicha parvozini yakunlagan va bojxonadan “yashil” yoʻlak orqali harakatlangan yoʻlovchilardan biri yoʻl sumkasida 2 turdagi 49 dona “Zerofit” yozuvli paketchali kofelarni olib kirishga uringani aniqlandi.
“Toshkent–AERO” IBKning Kontrabandaga qarshi kurashish shoʻbasi xodimlari tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda poytaxtimizning Chilonzor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa oldindan tezkor kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi.
Natijada, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan 5760 dona “Keta” nomli ozdiruvchi qahva mahsulotlari borligi aniqlandi.
Har ikkala holatda olib qoʻyilgan qahva mahsulotlari Markaziy bojxona laboratoriyasida bojxona ekspertizasidan oʻtkazilganida, ularning tarkibida “sibutramin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi borligi aniqlandi.
Mazkur modda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4-oktyabrdagi 632-son qarori bilan alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan hamda respublikamiz hududida muomalasi cheklangan.
Ushbu qarorga binoan tarkibida sibutramin, shuningdek, oʻxshash psixoaktiv taʼsirga ega boʻlgan uning strukturaviy analoglari 2025-yil 1-yanvardan faqat giyohvandlik vositalari va/yoki psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega boʻlgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali ulgurji va chakana realizatsiya qilinadi (sotiladi).
«Sibutramin«ning 0,5 grammi jinoiy harakatni tasniflashda koʻp miqdor hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, “Toshkent–AERO” IBK tomonidan joriy yilning 11 oyi davomida aniqlangan 36 ta bojxona qonunubuzilishi holatlarida 57 kg ogʻirlikdagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning bojxona chegaralari orqali olib oʻtilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qoʻyilgan.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, shuningdek, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchiligimizda maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.