Bu haqda bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ozdirishga xizmat qiluvchi turli paketchali choy va qahvalar, kapsulalar targʻibotiga tez-tez koʻzimiz tushadi. Ayniqsa, taniqli va mashhur shaxslar koʻmagida bu kabi mahsulotlar goʻyoki zararsiz ekanligi tinimsiz targʻib qilinadi.

Aslida ushbu mahsulotlar tarkibida semizlikni davolashda qoʻllaniladigan «sibutramin« moddasi kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʻlib, uning yurak-qon tomir va asab tizimiga jiddiy nojoʻya taʼsirlari va xavflari mavjud.

Yaqinda Bojxona qoʻmitasining Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Keles” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti, boshqarmaning Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi hamda Markaziy bojxona laboratoriyasi xodimlari tarkibida sibutramin kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʻlgan yirik miqdordagi choy va qahvalarni olib kirishga boʻlgan urinishni fosh qilishdi.

Poytaxtimizdagi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan tovarlarni bojxona koʻrigidan oʻtkazish davomida tovarlar orasidagi 4 xil turda qadoqlangan, ogʻirligi esa 1 tonna 313 kg.dan ziyod boʻlgan ozdiruvchi choy va qahvalar, kapsulalar bojxona xodimlarining diqqatini tortdi hamda ekspertizadan oʻtkazish uchun Markaziy bojxona laboratoriyasiga taqdim qilindi.

Markaziy bojxona laboratoriyasida olib borilgan ekspertiza tahlillaridan soʻng mazkur choy va qahvalar, kapsulalar tarkibida “sibutramin” moddasi mavjudligi aniqlandi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.