“Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladi

    Barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochadi va dual taʼlimni yoʻlga qoʻyadi.

    Bunda korxonalar kafedralarni jihozlash, oʻqituvchi va talabalarni ragʻbatlantirishga har yili mablagʻ berishga tayyor.

    Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi taʼlimi toʻliq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi.

    Shuningdek, tarmoq vazirlik va korxonalar tizimida 32 ta tarmoq kengashlari tashkil qilinadi. Ular oliygohlar bilan texnika sohalaridagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi va buyurtmachi boʻladi.

    Birinchi bosqichda 10 ta oliygohda “Oliy muhandislik maktablari” ochiladi. Ushbu maktablarda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yoʻlga qoʻyilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi.

    Birinchi yilda talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar oʻtkazadi, bu borada chuqurlashgan modul dasturlar asosida oʻqitiladi.

    Ikkinchi yilda yangi mahsulotlar boʻyicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bogʻliq texnologik jarayonlarni korxonalarda sinovdan oʻtkazadi.

    Korxonalar “Oliy muhandislik maktabi”da laboratoriya ochish va jihozlash uchun mablagʻ yoʻnaltirsa, bu xarajatlar korxonaning foyda soligʻi bazasidan chegirib tashlanadi.

    Davlat ham byudjetdan shuncha mablagʻ ajratadi.