Ikki davlat Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari oʻrtasida tuzilgan “Ishchilarni Bandlikka ruxsat berish tizimi asosida” ishchi kuchini Koreya Respublikasiga yuborish toʻgʻrisida”gi Anglashuv Memorandumiga muvofiq, maxsus test imtihonida 1607 nafar fuqaro ishtirok etishi rejalashtirilgan. Bugungi kungacha Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida karantin qoida va talablariga rioya qilgan holda 500 dan ziyod fuqaro test imtihonini topshirdi.

Maxsus test imtihoni oʻtkazilayotgan maxsus xonada korrupsiya holatlarini oldini olish, shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash maqsadida videokuzatuv kameralari oʻrnatilgan. Test jarayoni Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish xizmati masʼul xodimlari tomonidan nazorat qilinmoqda. Fuqarolar uchun test jarayonlarini onlayn tarzda kuzatish imkoni yaratilgan.

IIB va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi masʼul xodimlari testga kiruvchilarni tegishli hujjatlari, fuqarolik pasportlarini tekshirmoqda. Afsuski, baʼzi noqonuniy xatti-harakatlar, yaʼni test qatnashchilari imtihonga oʻz oʻrniga oʻzga shaxslarni kiritishga boʻlgan urinish holatlari kuzatilmoqda. Agentlik va IIB xodimlari hamkorligida 21-oktyabrda 8 nafar, 22-oktyabrda 2 nafar fuqaro imtihonga oʻzga pasport bilan kirishga uringani aniqlandi. Imtihonga kirishga uringan shaxslar tegishliligi boʻyicha tuman IIB xodimlariga topshirildi.

Yuqoridagi kabi tartibbuzarliklarni amalga oshirgan fuqarolar hamda fuqarolik pasporti egalari Koreya Respublikasining talabiga binoan test imtihoniga 2 yil muddatgacha kiritilmasligi haqida eslatib oʻtamiz.

Fuqarolardan maxsus test imtihoni tartib qoidalariga qatʼiy tartibda rioya qilishlarini soʻraymiz.

Maxsus test imtihoni jarayonida har qanday tanish-bilishchilik, korrupsiya holatlari roʻy bergan yoki bu boʻyicha maʼlumotga ega boʻlgan fuqarolar zudlik bilan Agentlikka (71) 202-33-55 yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishingiz mumkin.