“Tartibga solish qumdoni”ni joriy etish tartibi belgilandi

    Biznes 29 Noyabr 2023 792

    Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaror qabul qilindi.

    Hujjat bilan “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlanmoqda.

    Maʼlumot uchun: “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejim yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni yoki boshqa intellektual faoliyat natijalarini nazorat qilinadigan cheklangan muhitda sinovdan oʻtkazish boʻyicha faoliyatini maxsus tartibga solishni nazarda tutadi.

    Vakolatli organlar:

    • Raqamlashtirish vazirligi;
    • Transport vazirligi;
    • Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi;
    • Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
    • Qurilish va va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi.

    Yangi mahsulot, xizmat va ishlarni maxsus huquqiy rejim doirasida realizatsiya qilish boʻyicha qaror qabul qilinganda, ular uchun litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar maxsus huquqiy rejimni qoʻllash toʻgʻrisidagi kelishuvda koʻrsatilgan muddatda talab etilmaydi.

    Rejim quyidagi talablar asosida joriy etiladi:

    • loyihaning yangiligi, zamonaviy texnologiyalarga asoslanganligi hamda amaldagi mahsulot, xizmat va ishlarga nisbatan takomillashtirilganligi;
    • loyihani amalga oshirishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatning mavjud emasligi yoki qonunchilik hujjatlarida loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq taqiqlar mavjudligi;
    • maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilishda texnik imkoniyatlarning mavjudligi;
    • maxsus huquqiy rejimni joriy etish shaxsning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga, shuningdek, davlat mudofaasi va xavfsizligiga zarar yetkazish xavfi baholaganligi va bunday xavf-xatarlarni yuzaga keltirmasligi yoki ularni kamaytirish choralari koʻrilganligi.

    Maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat yoki ishlarni sinovdan oʻtkazish boʻyicha soʻrovnoma YAIDXP orqali qabul qilinadi.

    Soʻrovnomani koʻrib chiqish muddati – 30 kun, ushbu muddat ichida vakolatli organ joyiga chiqqan holda oʻrganish oʻtkazadi. Oʻrganish davomida loyihaning taqdimoti boʻlib oʻtadi, uning doirasida videoyozuv amalga oshirilishi mumkin. Ijobiy qaror qabul qilinganda tadbirkorlik subyekti bilan shartnoma tuziladi.

    Maxsus huquqiy rejim doirasida yangi mahsulot, xizmat va ishlarni realizatsiya qilish muddati uzogʻi bilan 3 yil etib belgilanadi. Realizatsiya nazorat qilinadigan cheklangan muhitda amalga oshiriladi.