Qonunchilik hujjatlari qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy oqibatlarni aniqlash va baholashni amalga oshiradigan mutaxassislarni oʻqitish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Ayni paytda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-martdagi PQ–5025-son qarori bilan Adliya vazirligiga vazirlik va idoralarning, shuningdek, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining tartibga solish taʼsirini baholash boʻyicha masʼul xodimlarini malaka va koʻnikmalarini oshirib borish vazifasi yuklatilgan.
Shu bois, joriy yilning avgust-sentyabr oylarida Adliya vazirligi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Tartibga solish taʼsirini baholash boʻyicha maxsus oʻquv kurslari vazirlik va idoralarning, shuningdek mahalliy ijroiya hokimiyati organlari xodimlari uchun tashkil etildi. Oʻquv kurslarini sifatli va yuqori saviyada tashkil etish maqsadida mazkur sohada boy amaliy tajribaga ega boʻlgan milliy va xalqaro ekspertlar, jumladan, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Akademiyasi professorlari jalb etildi.
Mazkur oʻquv kurslarida 60 dan ortiq vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining tartibga solish taʼsirini baholashga masʼul boʻlgan 112 nafar xodimlari zarur malaka va koʻnikmalarga ega boʻldi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 28-oktyabr kuni oʻquv kurslarini muvaffaqiyalti tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari A.Drakinos hamda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari A.Karimov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir ishtirokchilari oʻquv kurslarining yuqori darajada tashkil etilganligi va maʼruzachilarning salohiyatli va tajribali ekanligini alohida eʼtirof etishdi. Shuningdek, kelgusida norma ijodkorligi jarayonida taʼsirni baholash kabi tahliliy usullardan keng foydalanishlarini bildirishdi.
Tadbir soʻngida bu kabi ixtisoslashtirilgan oʻquv kurslarini muntazam ravishda oʻtkazish, xorijiy ekspertlar ishtirokidagi anʼanaviy va onlayn shakldagi oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etib borish, pirovardida, respublikamizda qonunchilik hujjatlarining tartibga solish taʼsirini baholash boʻyicha mutaxassislar sonini va sifatini yanada oshirish belgilab olindi, deya xabar beradi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.