Bugun esa bu soha haqiqiy daromad manbaiga aylanib, hunarmandlar tadbirkor, biznes olami vakili sifatida tilga olinadi.
Milliy ruhda tikilgan soʻzanalar, gilamlar, kiyimlarda qadriyatlarimiz avloddan avlodga oʻtib kelayotganini koʻrib, zavqlanasan kishi.
Hunarmandlar sulolasining beshinchi avlodiman. Ishlab chiqarishda zamonaviy texnologiyalar oʻrni tobora ortib borishiga qaramay, qoʻl mehnatiga asoslangan buyumlarga talab pasaygani yoʻq. Bu, albatta, bizni quvontiradi. Boy madaniy merosimizni qayta tiklash, rivojlantirish maqsadida “Malika” xususiy korxonasini tashkil etib, Boysun kashtachilik maktabining eng qadimgi turlarini qayta tiklashga muvaffaq boʻldik. Daromadimiz yaxshi. Mahsulotlarni mahalliy bozorlar va sayyohlar koʻp tashrif buyuradigan turistik markazlarga yetkazib beramiz.
Milliy hunarmandlik mahsulotlari Boysunning nafaqat tashrif qogʻoziga aylandi, balki hudud yoshlarining bandligini taʼminlashda ham yechim boʻlmoqda. Qadim anʼanalarni zamonaviy tajriba bilan uygʻunlashtirib, katta yutuq va natijalarni qoʻlga kiritishimizda yaratilayotgan imkoniyatlar yaxshigina tayanch boʻlyapti. Bandlikka koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda uyda oʻtirgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoki jimsoniy imkoniyati cheklangan ayollarga hunar oʻrgatib kelyapmiz.
Bizni quvontrigani, chet elliklar ham qiziqib, milliy hunarmandligimizni oʻrganyapti. Xususan, boysunliklar qoʻlida sayqal topayotgan toʻquvchilik va tikuvchilik mahsulotlari kunchiqar yurt vakillarida katta qiziqish uygʻotmoqda. Oʻzbek — Yapon uyushmasi tomonidan yapon ayollari uchun mahorat darslari, oʻquv-amaliy mashgʻulotlar oʻtkazib kelinmoqda. Boysun tumanidagi hunarmandlar markazida yaponiyalik shogirdlarga ham hunar sirlarini oʻrgatyapmiz.
Hunarmandlarga imtiyozli kreditlar ajratilib, loyihalarini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻ yoʻnaltirilgani qoʻli gul insonlar uchun katta imkoniyatlar tuhfa etdi. Bir yil avvalgi ochiq muloqot koʻp yillik muammolarga yechim, yangi loyihalarga asos boʻlgan edi. Bildirilgan takliflar, berilgan vaʼdalarning barchasi hujjatlar koʻrinishida qonuniy kuchga kirdi va koʻplab islohotla amalga oshirilishida muhim omil boʻldi.
Toʻgʻrisi, bu safargi muloqotni ham hayotimga quvonch olib kiradigan shodiyona kundek intiqlik bilan kutdim. Ochiq muloqot tizimli ishlarning davomi sifatida har birimizning katta yutuqlarga erishishimizga xizmat qiladi.
Oxirgi yillardagi islohotlar bizda biznes yuritishga ishonchni oshirdi. Xususan, usta-shogird anʼanalari asosida yoshlarga hunar oʻrgatayotgan hunarmandlarga shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va ishchilarni ish haqi bilan taʼminlashi uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 barobaridan kam boʻlmagan miqdorda subsidiya ajratilishi sohaga qiziqishi bor, ammo sarmoyasi yoʻq hunarmandlar uchun yaxshi imkoniyat boʻldi.
Davlatimiz rahbari ochiq muloqotda kelgusi yillar uchun belgilab olgan reja va dasturlarimizni amalga oshirish oson boʻlmasligi, lekin hayot sinovlarida toblangan, soʻzida ham, ishida ham qatʼiyat bor, mard va tashabbuskor tadbirkorlar bilan koʻzlangan marralarga, albatta, erishilishiga ishonch bildirdi. Kuni kecha “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. Faol tadbirkor sifatida eʼtirof etilganim zimmamga doim elimizga nafi tegadigan tashabbuslar bilan chiqishdek masʼuliyatli vazifani yuklaydi.
Malika PODSHOYEVA,
“Hunarmand” uyushmasining aʼzosi,
Boysun tumanidagi “Malika” xususiy korxonasi rahbari,
“Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni sohibasi