Deputatlar taʼkidlaganidek, davlatimiz rahbarining BMTning yubiley tadbirida soʻzlagan nutqi xalqimiz va xalqaro jamoatchilik tomonidan keng eʼtirof etilib, qizgʻin qoʻllab-quvvatlanmoqda.
BMT Bosh Assambleyasida Prezidentimiz 6 ta aniq taklif bilan chiqqani, xalqaro hamjamiyatning 2 ta tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani, BMT tomonidan oʻtkaziladigan 2 ta forum yuzasidan munosabatini bildirgani alohida eʼtirof etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov davlatimiz rahbari nutqining ahamiyatli jihatlariga toʻxtaldi.
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining chuqur tahlillarga asoslangan nutqi hozirgi kunda dolzarb boʻlgan bir qator muhim tashabbuslarni oʻz ichiga olgan. Jumladan, davlatimiz rahbari oʻz nutqida yangi Oʻzbekistonni barpo etish, demokratik islohotlarni qatʼiylik bilan amalga oshirish borasida muvaffaqiyatli amaliy ishlar natijalarini ochib berdi. Keng xalqaro jamoatchilikni mamlakatimizning jamiyatni siyosiy va huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan modernizatsiya qilish, yangi Oʻzbekistonni qurish borasidagi samarali tajribasi bilan tanishtirdi. Nutqda Oʻzbekistonda oʻtgan yili oʻtkazilgan parlament saylovlari aholi va partiyalarning, fuqarolik jamiyati institutlarining siyosiy faolligi oʻsib borayotganini namoyish etgani taʼkidlanib, BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi. Bu hech shubhasiz, parlamentning jamiyat hayotidagi rolini sifat jihatidan oshirishga, jamiyat oldida turgan muhim muammolarni yechishda parlamentning ishtirok etishiga doir yangi mexanizmlarni ishga solishga, demokratiya rivojini yangi darajaga olib chiqishni taʼminlashga xizmat qiladi.
Deputatlar davlatimiz rahbari tomonidan koʻtarilgan yana bir muhim masala – jahon miqyosida barcha saʼy-harakatlarni birlashtirish, har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni yaratish zarurligiga eʼtibor qaratdilar. Shu munosabat bilan chuqur ilmiy asoslarga tayangan, huquqni qoʻllash amaliyotining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeks loyihasini tayyorlashga kirishish lozimligi taʼkidlandi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari chuqur mazmun va mohiyatga ega nutqda xalqaro hamda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ilgari surilgan takliflar, tashabbuslarni qoʻllab-quvvatladi. Xususan, tinchlik, xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, samarali va faol muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, qashshoqlikka barham berish hamda kambagʻallikni qisqartirish kabi oʻrtaga tashlangan masalalar bugun insoniyatni oʻylantirayotgani haqida qizgʻin fikr almashishdi.