“Tashabbusli byudjet” orqali fuqarolar tomonidan ilgari surilgan loyihalar moliyalashtiriladi

    Moliya 19 Aprel 2022 1744

    Maʼlumki, Senat tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini samarali tashkil etish va ularni metodik qoʻllab-quvvatlash, deputatlarning amaliy koʻnikmalarini va malakasini oshirib borish maqsadida doimiy ravishda oʻquv-seminarlar tashkil etib borish anʼanaga aylandi.

    Joriy yil 19-aprelda parlamentning yuqori palatasida onlayn tarzda navbatdagi oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi. Unda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tegishli doimiy komissiyalari raislari, kotibiyat mutaxassislari, mahalliy hokimliklar yuridik xizmat vakillari ishtirok etdi. Seminar bir qator dolzarb masalalarga bagʻishlandi.

    Jumladan, dastlab mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari norma ijodkorligi faoliyatida qonuniylikni taʼminlash hamda huquqni qoʻllash borasidagi masala koʻrib chiqildi. Bu borada Adliya vazirligi vakili oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etib, mavzu doirasida atroflicha axborot berib oʻtdi. Bu orqali ishtirokchilar mahalliy davlat hokimiyati organlarida norma ijodkorligi faoliyati boʻyicha qonun hujjatlaridagi yangiliklar bilan yaqindan tanishtirildi.

    Mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari tomonidan huquqni qoʻllash borasida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar hamda kelgusida bunday kamchiliklarning oldini olish masalalari boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.

    Shuningdek, 2021-yil 1-iyuldan joriy etilgan mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimi – “Ye-qaror” elektron tizimi, uning imkoniyatlari va qulayliklari haqida atroflicha axborot berildi.

    “E-qaror” elektron tizimining joriy etilishi bugungi kunda qarorlarning qonunchilik asosida qabul qilinishiga, ularni ishlab chiqishda inson omili va aralashuvi kamayishiga, shuningdek qarorlar bilan aholining doimiy ravishda tanishish imkoniyati yaratilishiga hamda shaffoflik taʼminlanishiga xizmat qiladi.

    Bundan tashqari, seminarda 2022-yil birinchi choragida oʻtkazilgan tashabbusli byudjet jarayoni natijalari, gʻolib loyihalarni amalga oshirish uchun moliyalashtirish masalalari boʻyicha Moliya vazirligi vakilining axboroti tinglandi.

    Maʼlumki, 2021-yilda Moliya vazirligi tomonidan “Ochiq byudjet” (openbudget.uz) platformasi ishga tushirilgan boʻlib, ushbu platformada “Tashabbusli byudjet” faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan.

    “Tashabbusli byudjet” orqali bugungi kunda keng jamoatchilik oʻzlari yashab turgan hududdagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning taqsimlanishida bevosita ishtirok etib keladi.

    Seminarda qayd etilishicha, 2022-yil birinchi choragida oʻtkazilgan tashabbusli byudjetlashtirish jarayoni natijalari boʻyicha fuqarolar tomonidan ilgari surilgan 2 215 ta loyiha gʻolib deb topilib, ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun jami 1,1 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, jarayonlarda gʻolib deb topilmagan, har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan yana 139 ta loyihani amalga oshirish uchun qoʻshimcha ravishda 85,4 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.

    Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan ushbu tadbirlarning oʻz vaqtida moliyalashtirilishi, ijrosi taʼminlanishi, oʻz navbatida, deputatlik nazoratini olib borishni taqozo etadi. Shu bois xalq vakili sifatida mahalliy Kengash deputatlarining nazorat tadbirlarini olib borish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.

    “Tashabbusli byudjet” tizimi fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish orqali joylarda aholini qiynab kelayotgan turli darajadagi va yoʻnalishdagi muammolarning yechimini topishga bevosita xizmat qilib keladi.

    Oʻquv-seminarda mahalliy Kengash deputatlari, kotibiyat vakillari ham soʻz olib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan oʻz taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.