Bugun o'z tashabbusi, bilim va intilishi bilan mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirish, import o'rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo'shib, o'nlab, yuzlab kishilarni ish bilan ta'minlayotgan ishbilarmonlar ko'pchilikni tashkil etadi. Ana shunday hamyurtlarimiz orasida eng ilg'or, boshqalarga namuna bo'layotgan tadbirkor, fermer va hunarmandlarning bir guruhi an'anaviy “Tashabbus” ko'rik-tanlovi g'olibiga aylanib, Prezident sovg'asi — engil avtomashinalar bilan taqdirlandi.
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida o'tkazilgan bayramona taqdirlash marosimida mas'ul idora va tashkilotlar rahbarlari, tanlov qatnashchilari hamda mehmonlar ishtirok etdi. Qalblardagi hayajonga monand yangragan kuy-qo'shiqlar, san'atkorlarning chiqishlari yig'ilganlarga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi.
Tadbir avvalida, dastlab, eng yaxshi startap loyiha, eng yaxshi investitsion loyiha, eng namunali soliq to'lovchi, eng yaxshi oilaviy biznes sohibi, yilning eng yaxshi mahsuloti singari bir qator nomitsayalar bo'yicha sovrindorlar nomlari e'lon qilindi. G'oliblar diplom hamda esdalik sovg'alarini qabul qilib olgach, navbat asosiy nominatsiyalarga etdi.
— Joriy yilgi ko'rik-tanlovning respublika bosqichiga etib kelgan 69 nafar ishtirokchilar orasidan g'oliblarni tanlash oson bo'lmadi, — deydi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov. — Ularning har biri o'z yo'nalishida katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan insonlar. Va ularning bugungi darajaga etib kelishlarining o'zi katta yutuq.
Tanlovning asosiy — “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Xizmat ko'rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri”, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyalari bo'yicha 3 tadan o'rin g'oliblari aniqlandi. 2- va 3-o'rin sohiblari pul mukofoti, diplom hamda esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
Navbat birinchi o'rin g'oliblarini aniqlash va bosh mukofot — Prezident sovg'asini topshirishga etdi. Birin-ketin sahna markazida g'oliblar nomi jaranglay boshladi. Sanoat yo'nalishida Jizzax viloyatidagi “Arnasoy Gold Tex” MCHJ rahbari Mirzo Fayzullayev, xizmat ko'rsatish yo'nalishida Toshkent viloyati “Turon Resort and SPA” MCHJ rahbari Saidazim Yunusxo'jayev, yosh tadbirkor yo'nalishida Samarqand viloyati “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi rahbari Fazliddin Salimov, fermerlik yo'nalishida Andijon viloyati “Obod Turmush Orzusi” fermer xo'jaligi rahbari Husniddin Karimov, hunarmandchilik yo'nalishida farg'onalik Ibrohim Sultonov 1-o'rin sohibi, deb topildi.
Shuningdek, tadbir tashkilotchilarining tashabbusi bilan qo'shimcha g'olib aniqlandi. Yurtimizda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashdagi ulkan hissalarini inobatga olib, yana bir fermer — Navoiy viloyati “Yangi asr” fermer xo'jaligi rahbari Jobir Temirov birinchi o'ringa loyiq topildi.
— Bu sohada ko'p yillik tajribaga ega bo'lsamda, har kuni yangilanishlarni o'rganib borishga harakat qilaman, — deydi fermer. — Faoliyatimiz yildan yilga kengayib boryapti. Xo'jaligimizda 1 ming 500 ta qoramol bor. Sutni qayta ishlash zavodimizda har kuni 40 tonna sutni qayta ishlaymiz. Oborotdan chiqqan 10 ming gektar erda chorva mollari uchun ozuqa etishtirishni maqsad qilganmiz. Bugungi g'oliblik fermer xo'jaligimizda mehnat qilayotgan 200 dan ziyod insonning mehnatlari samarasi, Navoiy xalqiga berilgan mukofot, deb bilaman.
— Men uchun kutilmagan voqea bo'ldi, ochig'i, juda hayajondaman, — deydi “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” nominatsiyasi g'olibi Fazliddin Salimov. — 22 yoshlik yigit uchun bu katta ishonch, e'tirof, deb bilaman. Biz yoshlarga ko'rasatayotgan g'amxo'rliklari uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorman. Tadbirkorlik faoliyatimni 2017-yilda erkaklar kiyimlari ishlab chiqaradigan tsex tashkil etishdan boshlaganman. Avvaliga ko'plab qiyinchiliklarni boshdan kechirdim. Hatto, mahsulotim sotilmay qolgan, xaridor topolmagan vaqtlarim bo'ldi. Lekin sira harakatdan to'xtamadim. Yaratganga shukur, u kunlar ortda qoldi. Bugun “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonamizda 80 nafar kishi ishlaydi. Mahsulotlarimiz Rossiya, Qozog'iston, Ukraina kabi davlatlarga eksport qilinyapti. Kelgusida Yevropa bozorlariga chiqib, xorijdagi savdo nuqtalariga mahsulot yetkazib berishni niyat qilganman.
Joriy yilgi “Tashabbus” ko'rik-tanlovi yangiliklarga boy bo'ldi. 5 ta yo'nalishdan tashqari “Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli” nominatsiyasi g'olibi ham aniqlandi. Ushbu mukofotga qoraqalpog'istonlik Amina Bekjanova loyiq topildi. Ayol rahbarlik qilayotgan “Moynak tur” turistik kompaniyasi Mo'ynoq tumani, Orol dengiziga kelayotgan sayyohlarga turli xizmatlarni ko'rsatib kelmoqda. Korxonada 25 ta ishchi o'rni yaratilgan.
— Prezident tomonidan 2017-yilda Mo'ynoqqa e'tibor oshgach, firmamiz yanada gullab-yashnadi, — deydi bosh sovrin g'olibasi. — 33 ming aholiga ega Mo'ynoq tumani ziyoratgohlar, madaniy obidalarga boy. Bu yerga bir yilda 15 mingdan ortiq sayyoh keladi. Bizning kompaniyamiz ularga o'z xizmatlarini taklif etadi. Ana shu kamtarona mehnatlarim bilan ko'rik-tanlov g'olibasiga aylanganimdan juda xursandman. Hayajonimni tasvirlashga so'z topolmayapman. Bizdek tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlagani uchun tashabbuskorlardan minnatdorman.
Shunday qilib, “Tashabbus — 2021” ko'rik-tanlovining 7 nafar 1-o'rin g'oliblariga diplom, esdalik sovg'alari hamda Prezident sovrini — “Neksiya” avtomobili topshirildi. Hayajonli daqiqalarga guvoh bo'lgan barcha ishtirokchilar ularni qutlab, yangi maqsadlar yo'lidagi faoliyatlariga zafarlar tiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri