O'zbekiston Eksportchilar uyushmasi hamda Biznesni rivojlantirish uyushmasi, shuningdek O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan 24 — 28 may kunlari o'tkazilayotgan ushbu loyiha bu safar Qirg'iziston, Afg'oniston va O'zbekiston biznes vakillarini bir yerga to'pladi.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida turli davlat va jamoat tashkilotlari, Afg'oniston Islom Respublikasi hamda Qirg'iziston Respublikasining yurtimizdagi elchixonalari vakillari, ikki davlatdan kelgan delegatsiya a'zolari va o'zbek tadbirkorlari ishtirok etdi. O'zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi raisi Muxtor Umarov yig'ilishni ochib berar ekan, tadbir uch tomonlama hamkorlikka yo'l ochayotganidan mamnunligini bildirdi. Shundan so'ng mamlakatlar tadbirkorlari o'rtasida B2B uchrashuvlari start oldi.
— O'zbekiston va Qirg'iziston iqtisodiy hamkorligining yangi davri boshlangan vaqtda delegatsiyamiz a`zolari qatorida biz ham “Biznes xab”ga taklif qilinganimizda mamnunmiz, — dedi “Qirg'iz land” eksportchilar va importchilar uyushmasi raisi Lenara Niyazbekova. — Bu turdagi biznes forum ikki hamkor davlat o'rtasida savdo aloqalarini rivojlantirishda juda katta rol o'ynaydi. Bu erga bir nechta loyihalar bilan keldik. Forum doirasida hamkorlarimiz uchun ularning taqdimotini o'tkazamiz va qo'shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz. Biz uchun eng muhim narsa — bu ikki davlat o'rtasidagi do'stona aloqalar. Agar tinch muhit bo'lsa, biz har qanday hamkorlikda muvaffaqiyatga erisha olamiz.
“Tashkent International Business HUB”da oziq-ovqat, qurilish mollari, qishloq xo'jaligi, tozalash vositalari, to'qimachilik, farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkor va eksportchilar qatnashmoqda.
Tadbir dasturidan ishlab chiqarish korxonalari bo'ylab biznes turlar ham o'rin olgan. Bektemir Metal Konstruktsiya MCHJ, Yashnobod tumanidagi Texnopark faoliyati bilan tanishish shular jumlasidan.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri