Tashkilotlardagi komplayens-nazorat tuzilmalarining maqomi va masʼuliyati oshirilishi kutilmoqda

    Tuzilmalari xodimlari toʻgʻridan-toʻgʻri Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi boʻysunuviga oʻtkazilishi mumkin.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasining komplayens-nazorat boʻlimi boshligʻi pora bilan qoʻlga tushgani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi.

    "Mamlakatimizda keng koʻlamli aksilkorrupsiya islohotlari oʻtkazib kelinayotgan bir vaqtda bunday holat sodir etilganini qabul qilib boʻlmaydi", deya munosabat bildirdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Sherzod Safarov.

    Uning taʼkidlashicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat idoralari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirish boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha qator takliflar ishlab chiqilgan.

    Xususan, tashkilotlardagi komplayens-nazorat tuzilmalarining maqomi va masʼuliyatini oshirish maqsadida, ushbu tuzilmalar xodimlarini toʻgʻridan-toʻgʻri Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi boʻysunuviga oʻtkazish masalasi ham shular jumlasidandir.

    Shuni alohida aytib oʻtish kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashish Oʻzbekistonda ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi va bundan buyon ham bu ishlar izchil davom ettiriladi.