Tashlandiq joy xazina makoniga aylandi

    Gagarin Mirzachoʻl tumani markazi hisoblanadi. Bu yerda odamlarning aytishicha, kafe, restoranlar u yoqda tursin, shinamroq ovqatlanish shoxobchasi boʻlmagan.

    Yaqin-yaqingacha koʻchalarni toʻsib toʻy qilinardi, chunki toʻyxona yoʻq edi-da.

    Bugun unday emas. Shaharchaga kiraverishda katta sunʼiy koʻl chayqalib turibdi. Yoʻl chetida oʻtov, betakror dizaynda bezalgan choyxona, shinamgina mehmonxona, turfa daraxtlar, qushlar, tuyalar, otlar, xullas, ajoyib manzaraga guvoh boʻlasiz. Bir paytlar bu joy tashlandik, qamishzor boʻlgan. Tadbirkorga berilgan imkoniyat samarasini koʻrsatdi.

    – 2020-yil mart oyida shu yerda ekoturizmni rivojlantiramiz, degan tashabbus bilan chiqdik. Mutasaddi rahbarlar qoʻllab-quvvatladi, – deydi “Yetti xazina” dam olish maskani rahbari Baxtiyor Kunarov. – 6,5 gektar yerni uzoq muddatli shartnoma bilan oldik. Oʻzimizning 1,5 milliard soʻm, Xalq bankining 2 milliard soʻm kreditini yoʻnaltirdik. Dastlab koʻl tashkil qilib, 300 ming dona baliq chavogʻi tashladik. Hozir ular isteʼmolga tayyor. Koʻlda baliq ovlashni yoʻlga qoʻydik. Dam oluvchilar baliq tutib, uyiga olib ketishi yoki shu yerda pishirib yeyishi mumkin. Qayiqlar ham bor. Odamlar bemalol suvda sayr qilsa boʻladi.

    Dam olish maskanida 12 oʻrinli mehmonxona qurilgan, atrofga noyob koʻchatlar ekilgan. Bu yerda bir kunda 100 dan ziyod dam oluvchiga xizmat koʻrsatish imkoni bor. Hozircha 10 kishi ishli boʻldi.

    Tadbirkor akamiz mustaqilligimizning 30 yilligiga ham sovgʻa hozirlamoqda. Uning aytishicha, bayram arafasida bolalar istirohat bogʻi ishga tushadi. Eng zamonaviy attraksionlar bu yerda ham boʻladi.

    Dam olish maskani ortida moʻjaz oʻrmon bor. Baxtiyor akaning aytishicha, oʻrmonga turli noyob qushlar, ot va tuyalar olib kelingan. Bu yerda odamlar sayr qilishi, mehmonxonada qolib, tuya suti bilan davolanishi mumkin.