Tashqi bozorda UzAuto Motorsning dilerlik markazlari koʻpaya boradi

    Transport 14 Oktabr 2020 987

    UzAuto Motors eksport bozorlarida Chevrolet dilerlik tarmogʻini kengaytirishda davom etadi.

    11 ta mamlakatdagi 195 ta distribyuter va diler UzAuto Motors kompaniyasi bilan Chevrolet brendi ostida yengil avtomobillar eksporti boʻyicha hamkorlik qiladi.

    2020-yil mart oyidan Rossiya, Qozogʻiston va Belorusda sotuvga chiqarilgan ilk Chevrolet modellari Spark, Nexia va Cobalt boʻldi.

    UzAuto Motors Rossiya, Qozogʻiston va Belorusdagi Chevrolet distributsiyasini boshqaradi. Va agar avvallari dilerlik markazlariga savdo maydonlari va servis boʻyicha talablar qoʻllanilmagan boʻlsa, bugungi kunda UzAuto Motors avtomobillarini sotuvchi har bir avtosalon Chevroletning barcha talablariga muvofiq kelishi lozim.

    Jumladan, bugungi kunga kelib Rossiya Federatsiyasida ushbu standartlarga mos keluvchi 24 ta dilerlik markazi ish boshlab yuborgan. Yil oxiriga borib bu koʻrsatkichni 50 taga yetkazish rejalashtirilgan.

    Umuman olganda, yil oxirigacha barcha eksport bozorlari boʻyicha dilerlik markazlari soni 120 tadan oshadi, deb xabar beradi “Oʻzavtosanoat” AJ matbuot xizmati.