Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va byuro o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, DIIHB delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan va buning natijasida yangi O‘zbekiston qiyofasi shakllanayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini har tomonlama himoya qilish, gender tengligini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish va ommaviy axborot vositalarining rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi. Qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarning yana bir yorqin misoli sifatida O‘zbekiston 2020-yilning oktyabr oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga saylanganini keltirish mumkin.

Tomonlar mamlakatimizda saylov qonunchiligi va amaliyotini bo‘lajak O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini hisobga olgan holda takomillashtirish borasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.