Tashqi ishlar vaziri TDT Bosh kotibi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 23 Yanvar 2023 1617

    2023-yil 23-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev bilan uchrashdi.

    Tomonlar Oʻzbekiston va TDT oʻrtasidagi turli yoʻnalishlarda munosabatlarni rivojlantirishdagi ijobiy surʼat mamnuniyat bilan qayd etdilar. Tashkilotning 2022-yil noyabr oyida boʻlib oʻtgan Samarqand sammiti yakunlari boʻyicha qabul qilingan strategik qarorlarni amalga oshirilish jarayoni muhokama etildi.

    Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, TDT mintaqasining transport-tranzit salohiyatidan foydalanish, AKT, raqamli va yashil iqtisodiyot sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, turizm, taʼlim va madaniyat yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.

    K.Omuraliyev Tashkilot Kotibiyati Oʻzbekistonning TDTga raisligidan koʻzlangan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini maʼlum qildi.

    Muloqot chogʻida mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.