Tashqi ishlar vazirligi Xitoyning turli hududlarida, jumladan, Pekin shahri aholisi oʻrtasida COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishning yangi holatlari roʻy bergani munosabati bilan Xitoyda boʻlib turgan va mazkur mamlakatga borishni rejalashtirayotgan vatandoshlarni ogohlantirdi.

Maʼlum qilinishicha, xorijdan Xitoyning boshqa shaharlari orqali Pekinga kirmoqchi boʻlganlar poytaxtga kirishdan oldin oʻsha shaharlarda 21 kun karantinda boʻladi. Pekinga yetib kelgach, ularning salomatligi 7 kun davomida yana kuzatuvga olinadi. Shuningdek, Oʻzbekistonga qaytgan va oʻqishni/mehnat faoliyatini davom ettirish maqsadida Xitoyga qaytishni rejalashtirayotgan vatandoshlarlarga taʼlim muassasasi/ish beruvchi bilan bogʻlanib, oʻzlarining Xitoyga qaytishlari boʻyicha maslahatlashib olishlari tavsiya etilmoqda.

Bundan tashqari, Xitoydan Oʻzbekistonga qaytmoqchi boʻlgan vatandoshlar Sian–Toshkent–Sian yoʻnalishida charter havo qatnovlarini amalga oshirayotgan Xitoy aviakompaniyasi xizmatlaridan foydalanish tavsiya qilingan. Talabalik guvohnomasini taqdim etgan talabalar uchun aviachipta xarid qilishda chegirma mavjud.

Oʻzbekiston fuqarolari shuningdek, XXRdan Seul shahriga (Koreya Respublikasi) yetib olishi va ayeroportning tranzit hududidan chiqmagan holda haftaning har juma kuni Uzbekistan Airvays amalga oshirayotgan Toshkent–Seul–Toshkent reyslar orqali Oʻzbekistonga qaytishlari mumkin.