Tashqi ishlar vazirligida OAV vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 27 Iyun 2022 1994

    Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan, 2022-yil 27-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida milliy OAV vakillari va TIV huzurida doimiy akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy jurnalistlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, davlat va jamoat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

    Jurnalistlarni kasb bayrami bilan tabriklar ekan, V.Norov ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarni dunyo va mamlakatda roʻy berayotgan jarayonlar va hodisalar haqida xabardor qilishda muhim oʻrin tutishini eʼtirof etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oʻz faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga qatʼiy amal qilishi taʼkidlandi. Tashqi siyosat idorasining matbuot vakillari bilan konstruktiv muloqot olib borish, TIV vakolatiga kiradigan barcha masalalar boʻyicha OAV bilan yaqin hamkorlikni amalga oshirish, Oʻzbekiston diplomatiyasi toʻgʻrisida xolis va ishonchli maʼlumotlarni taqdim etishga tayyorligi maʼlum qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida tashqi siyosatga doir mavzularni yoritishga ixtisoslashgan tajribali jurnalistlar orasidan “Ekspert guruhi” tashkil etish rejalashtirilgani eʼlon qilindi. Shuningdek, jahon va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari boʻyicha OAV uchun treninglar va seminarlar oʻtkazish ham koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    Uchrashuv doirasida Oʻzbekistondagi islohotlar va respublika tashqi siyosatini faol yoritgani uchun qator milliy va xorijiy jurnalistlarga tashakkurnoma topshirildi.