Tashqi ishlar vazirligida Ukrainaning Oʻzbekistondagi Elchisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 10 Noyabr 2022 898

    10-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Ukrainaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nikolay Doroshenko bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Elchiga Ukraina Mudofaa vazirligi vakilining amaldagi sanksiya cheklovlarini chetlab oʻtib, ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berilgani haqida OAVda tarqalgan asossiz bayonoti munosabati bilan jiddiy xavotir bildirildi.

    Ukraina tomonidan OAVda Oʻzbekistonga oid notoʻgʻri maʼlumotlar tarqatilishiga yoʻl qoʻyilmasligi taʼkidlandi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukraina tomonining rasmiy soʻrovlari kelib tushgan taqdirda, ularni qiziqtirgan masalalarni oʻrganish va xolis maʼlumot berishga tayyor.

    Oʻz navbatida, Elchi N.Doroshenko Oʻzbekiston tomonining xavotirlari va uchrashuv natijalarini Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatiga zudlik bilan yetkazishini ishonch bilan bildirdi.