Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Tatariston Respublikasi Mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya vazirligi oʻrtasida Hamkorlik bitimi imzolandi

    Ijtimoiy hayot 26 Sentabr 2020 2883

    Delegatsiya aʼzolari Tatariston Respublikasi Mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida mehnat migratsiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar oʻtkazish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari ushbu mamlakatda boʻlib turibdi.

    Delegatsiya aʼzolari Tatariston Respublikasi Mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda ikki mamlakatning azaliy mavjud aloqalarini rivojlantirish va chuqurlashtirishda mintaqalararo hamkorlikning ahamiyati, Tatariston Respublikasi hududida fuqarolarimizning vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun tashkiliy asosda tanlab olish va ishga joylashtirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi masalalar muhokama qilindi.

    Tadbir yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Tatariston Respublikasi Mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya vazirligi oʻrtasida bandlik va mehnat migratsiyasi sohasida Hamkorlik bitimi imzolandi.

    Hamkorlik bitimida mehnat migratsiyasi, xususan bandlik va mehnat inspeksiya xizmatlari boʻyicha tajriba almashish, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligidan kelib chiqqan holda fuqarolarimizning Tatariston Respublikasi hududida ishlash shartlari va tartiblari kabi masalalarga eʼtibor qaratilgan.