Tashrif davomidagi topshiriq

    “Termiz” iqtisodiy zonasi va 16 ta mahalla gaz taʼminoti yaxshilanishiga xizmat qiladi.

    Davlatimiz rahbari 2021yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi va Termiz shahri isteʼmolchilarini tabiiy gaz bilan taʼminlash uchun Angor tumani Bahor mahallasi hududidagi “Qoraqir” AGRSdan 38,9 kilometr masofaga quvur yotqizib, yuqori bosimli gaz tarmogʻi qurilishini amalga oshirish yuzasidan topshiriq bergan edi. Ayni paytda “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali qurilish-montaj boshqarmasi ishchilari mazkur obektda yuqori bosimli quvurlarni yotqizmoqda.

    — Shu kungacha bunyodkorlar qariyb 38,6 kilometr masofaga quvur yotqizdi, — deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali direktori birinchi oʻrinbosari Z.Mamanov. — Bu quvur orqali viloyat markazidagi “Guliston”, “Kattabogʻ”, “Guliraʼno”, “Surxon Sohili”, “Majnuntol”, “Yulduz”, “Bogʻishamol”, “Manguzar”, “Chegara”, “Kokildorota”, “Namuna”, “A.Navoiy”, “Tinchlik”, “Joʻyjangal”, “Maʼrifat”, “Mehrobod” mahalla fuqarolar yigʻinidagi isteʼmolchilarga barqaror tabiiy gaz yetkazib berish yoʻlga qoʻyiladi.

    Viloyatda 591 ming 373 ta aholi xonadoni va 2 ming 115 ta ulgurji isteʼmolchi gaz yoqilgʻisidan foydalanadi. Xonadonlarning 116 ming 162 tasi tabiiy va 475 ming 209 tasi suyultirilgan gaz bilan taʼminlanadi. Soha mutaxassislarining aytishicha, vohadagi gaz quvurlarining uzunligi 2 million 397 ming 392 kilometrni tashkil etadi. Uning 192 ming 937 kilometri yuqori bosimli, 642 ming 630 kilometri oʻrta bosimli, 1 million 561 ming 825 kilometr qismi past bosimli gaz quvurlaridir. Isteʼmolchilarga 2 ming 541 dona gaz taqsimlash punkti orqali tabiiy gaz yetkazib berilmoqda.

    Vohada joriy yilgi qish faslining boshlanishida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlash jarayonida yechimini kutayotgan ayrim kamchiliklar borligi aniqlandi. Shunga koʻra, gazchilar qishning sovuq kunlari yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratib, viloyat hududidagi gaz quvurlarining sozligini qayta koʻzdan kechirmoqda. Joylardagi quvurlar “mahallabay” kesimda taʼmirlanib, yuz berishi mumkin boʻlgan nosozliklarning oldi olinayotir.