Tashrif doirasida salmoqli hujjatlar toʻplami imzolandi

    Hukumat 5 Oktabr 2021 2973

    Muzokaralar yakunlangach, hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Qoʻshma bayonot qabul qildilar. Unda oliy darajadagi uchrashuvning asosiy yakunlari aks etgan, Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sherikligini yanada mustahkamlashning istiqbolli yoʻnalishlari belgilangan.

    Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va hududlari rahbarlari imzolangan hujjatlar bilan almashdi. Chegaradosh hududlarda savdo markazlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisida bitim, Tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda korxona va kompaniyalar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli sheriklik aloqalarini kengaytirish toʻgʻrisida bitim, Bojxona chegarasidan oʻtayotgan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar almashishni tashkil etish toʻgʻrisidagi Bayonnoma shular jumlasidan.

    Ishbilarmon doiralar vakillari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish toʻgʻrisidagi bitim hamda 2004-yil 19-noyabrdagi Fuqarolarning oʻzaro qatnovlari toʻgʻrisidagi bitimga qoʻshimchalar kiritish haqida Bayonnoma ikki mamlakat tadbirkorlari uchun qulay sharoitlar yaratishi va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

    Transport, tranzit tashishlar, suvni tejovchi texnologiyalar, adliya, ijtimoiy himoya, statistika, oʻsimliklar karantini va himoyasi, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga doir muhim hujjatlar imzolandi.

    Tashrif doirasida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkmaniston hamkorligining deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab oluvchi jami 23 ta hujjat imzolandi.