Tasvirga tushirish jarayoni bilan bogʻliq mojaro qanday yechim topdi?

    Xavfsizlik 16 Yanvar 2021 825

    Ijtimoiy tarmoqlarda UZREPORT telekanalidagi “No comment” koʻrsatuvini tasvirga olish jarayonida telekanal operatoriga ikki nafar shaxs hujum qilib, videokameraga shikast yetkazgani haqidagi lavha tarqalib, koʻplab munozaralarga sabab boʻlgan.

    Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB quyidagilarni maʼlum qiladi:

    2020-yil 13-sentyabrda Chilonzor tumani Muqimiy koʻchasida sodir boʻlgan yoʻl transport hodisasini UZREPORT telekanalidagi “No comment” koʻrsatuvi uchun suratga olish jarayonida ikki nafar — 27 yoshli Jahongir va 22 yoshli Ayubxon ismli shaxslar UZREPORT telekanali operatori Baxtiyorov Fayozbekka qoʻllari bilan videotasvirga olish jarayoniga toʻsqinlik qilgan. Natijada UZREPORT telekanali operatorining qoʻlidagi videokamera shikastlangan.

    Mazkur voqea yuzasidan hududiy profilaktika inspektori tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora koʻrish uchun Toshkent shahar Chilonzor tumani maʼmuriy sudiga yuborilgan. Toʻplangan hujjatlarga asosan Jahongir va Ayubxonga Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun jarima jazosi tayinlangan.

    Lavhada qayd etilgan holat boʻyicha profilaktika inspektorining harakatlari qonuniyligini tekshirish maqsadida Toshkent shahar IIBB tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilyapti, yakuni boʻyicha qonuniy baho beriladi.