Mazkur turnir Oʻzbekiston shaxmati tarixida mutlaqo yangi sahifa ochib, yurtimiz vakillarining jahon taxtini egallayotganini yana bir bor isbotladi. Musobaqaning “Masters” guruhida 9 ochko jamgʻargan Nodirbek Abdusattorov turnir gʻolibiga aylandi va ushbu nufuzli bellashuvlar tarixida chempionlikni qoʻlga kiritgan ilk oʻzbek shaxmatchisi sifatida tarixga kirdi.
Shu bilan birga, yana bir isteʼdodli vakilimiz Javohir Sindarov 8,5 ochko bilan musobaqani magʻlubiyatsiz yakunlab, faxrli ikkinchi oʻrinni egalladi. Kuchli uchlikka mezbon grossmeyster Yorden van Foreyest yakun yasadi.
Ushbu natijalar shaxmatchilarimizning jahon reytingidagi oʻrinlarini keskin yuqoriga koʻtardi. Xususan, Nodirbek Abdusattorov oʻz reytingini 19,5 punktga oshirib, 2770 ball bilan dunyoning eng kuchli besh nafar shaxmatchisi qatoridan joy oldi. Javohir Sindarov esa 19,4 qoʻshimcha ochko jamgʻargan holda 2745 reyting bilan dunyo reytingida 11-pogʻonaga koʻtarildi.
Tarixiy gʻalabani qoʻlga kiritgan shaxmatchilarimiz 3-fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:10 da “Istanbul–Toshkent” yoʻnalishidagi HY-274 reysi bilan yurtimizga qaytib kelishadi. Ushbu muvaffaqiyat oʻzbek shaxmat maktabining jahondagi gegemonligini mustahkamlash yoʻlidagi ulkan qadam boʻldi.