Doʻstona ruhda oʻtgan muloqot davomida Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi hududlararo munosabatlarni rivojlantirish doirasida Tatariston Respublikasining Toshkent viloyati bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalari holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Aytish joizki, oʻzaro manfaatli hamkorlik 2018-yil may oyida imzolangan Tatariston Respublikasi hukumati va Toshkent viloyati hokimligi oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga asoslanadi.

Xususan, mazkur bitim doirasida belgilab olingan ishlarni amaliy amalga oshirish maqsadida Toshkent viloyatida Tataristonning “Ximgrad” texnopolisi bilan hamkorlikda “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki tashkil etildi.

Muloqotda Toshkent viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanishni taʼminlash orqali mahsulot eksporti hajmini oshirish, hududlarda ishlab chiqarishni kengaytirish yuzasidan zaruriy fikrlar bildirildi.

Uchrashuvda tomonlar manfaatli va istiqbolli loyihalarni iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham keng amalga oshirish yuzasidan galdagi vazifalarni kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati.