Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E.Muhitdinov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi masʼul xodimlari va rossiyalik ish beruvchilar vakillari ishtirok etgan uchrashuvda Tatariston Respublikasi hududida fuqarolarimizning vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun tashkiliy asosda tanlab olish va ishga joylashtirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, talab yuqori boʻlgan turli sohalarda mehnat migrantlarini tayyorlash, Rossiya Federatsiyasi, jumladan, Tatariston Respublikasiga ishlash uchun ketayotgan migrantlarning maʼlum bir kasb va rus tilini bilish imkoniyatlari zarur ekanligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda pandemiya davrida Oʻzbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda Tatariston Respublikasi hududida ishga jalb qilish boʻyicha chora-tadbir ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.