Tatariston raisi Rustam Minnixanov “Termiz xalqaro savdo markazi”ga tashrif buyurdi

    Surxondaryo viloyatida amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov “Termiz xalqaro savdo markazi”ga tashrif buyurdi.

    Viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov Tatariston Respublikasi Raisini Termizdan Afgʻonistonga yuklar oʻtkaziladigan maxsus yoʻlak bilan tanishtirdi. Shundan soʻng, mehmonlarga “Termiz xalqaro savdo markazi”da amalga oshirilayotgan loyihalar, yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar haqida taqdimot qilindi.

    Markaz hududida 3 mingdan ortiq savdo nuqtalaridan iborat 4 ta savdo kompleksi, har biri 300 oʻrinli mehmonxona va hostel, quvvati 500 ming tonnaga teng boʻlgan logistika markazi, 300 kishilik restoran, tibbiy diagnostika va sogʻlomlashtirish markazi, quvvati 5 mln metr kub hajmga ega boʻlgan ishlab chiqarish va omborxona binolari faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilangan boʻlib, bugungi kunda loyihalar qurilishining 80 foizi amalga oshirilgan.

    “Termiz xalqaro savdo markazi” toʻliq quvvatda ishga tushirilgach yiliga 120 mln dollarlik qoʻshimcha eksport imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, markaz hududida alohida erkin savdo rejimi oʻrnatilganligi sababli eksportchi korxonalarga qoʻshimcha qulayliklar yaratilib, barcha xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshiriladi.

    Tomonlar kelgusida “Termiz xalqaro savdo markazi” imkoniyatlaridan foydalangan holda loyihalarni amalga oshirish masalalarini ham koʻrib chiqishdi.