Tatariston Turizm davlat qoʻmitasi raisi bilan uchrashuv, ziyorat turizm taqdimoti, B2B

    Turizm 13 Aprel 2021 911

    Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Xalqaro islom akademiyasi, Musulmonlar idorasi, Oʻzbekiston oshpazlar uyushmasi vakillaridan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasiga tashrif buyurdi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Tatariston Respublikasi Turizm davlat qoʻmitasi raisi Sergey Ivanov bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ziyorat turizmi va gastronomik turizm boʻyicha hamkorlik istiqbollari, soha uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ikki tomon nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikni faollashtirish, targʻibotni kuchaytirish, shuningdek Qozon shahridan charter reyslar tashkil etish orqali sayyohlarning Oʻzbekistonga kelishi kabi qator masalalar muhokama qilindi.

    Shundan soʻng, Qozon shahridagi “Miraj” mehmonxonasi anjumanlar zalida Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot hamda ikki tomon turoperatorlari oʻrtasida B2B uchrashuvlar oʻtkazildi. Tadbirlarda Tatariston Respublikasining 70 ga yaqin turoperatori ishtirok etib, tomonlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik boʻyicha zarur kelishuvlarga erishildi.

    Turizm va sport vazirligi tomonidan ziyorat turizm taqdimoti oʻtkazildi. Tadbir doirasida taniqli hattot Habibulloh Solih tomonidan namoyish etilgan mahorat darsi tataristonliklarda katta qiziqish uygʻotdi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulligi tashabbusi bilan Tataristondagi vatandoshlarimiz ishtirokida madaniy dastur namoyish etilib, oʻzbekona dasturxon yozildi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.