TATUda yangi inkubatsiya markazi oʻz faoliyatini boshladi

    Mamlakatimizda 7 May 2022 1454

    Markaz mutaxassislarning innovatsion ishlanmalarini rivojlantirishga koʻmaklashadi.

    6-mayda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universitetida “Tuit Incubation Centre” markazi ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.

    Bugungi kunda taʼlim tizimini isloh qilishda oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va IT-Parklar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etyapti.

    Markaz avvalo, ilgʻor startap gʻoyalar va innovatsion ishlarni monitoring qilish, tanlash va inkubatsiya qilish vazifalarini bajaradi. Shuningdek, yoshlarning startap jamoalarini shakllantirish, loyiha faoliyatiga tayyorlash boʻyicha innovatsiyalar sohasidagi yoshlar tashabbuslarini aniqlash, jamoalarni qoʻllab quvvatlash, talabalar, doktorantlar va yosh olimlarning ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalarini rivojlantirishga koʻmaklashish vazifalarini bajaradi.

    Inkubatsion markaz zamonaviy oʻquv xonalari va kompyuterlar va AKT jihozlari bilan taʼminlangan. Talabalarning oʻqib izlanishlari uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilgan.

    Markaz faoliyati davomida kelajakda konsalting xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan, shartnoma asosida raqamli iqtisodiyot, pedagogika-psixologiya, fizika astronomiya va taʼlimning barcha sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro grantlar, ilmiy tadqiqot loyihalari tanlovlari va konferensiyalarda ishtirok etishni rejalashtirgan.

    Tashrif doirasida AKT vazirining universitetda tahsil olayotgan talabalar bilan suhbati uyushtirildi. Unda yoshlarni qiziqtiradigan barcha masalalar ham muhokama etildi. Yoshlar oʻzlarining fikr va takliflarini bildirdi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.