TATUning Nurafshon filiali tashkil etildi

    Ta'lim 7 May 2021 1762

    “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (288-son, 07.05.2021-y.) qabul qilindi

    Qarorga koʻra, quyidagilar tashkil etildi:

    Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali;

    Universitet Axborot-resurs markazida “Raqamli kutubxona”.

    Aholining barcha qatlamlarida raqamli koʻnikmalarni oshirish maqsadida dasturlash, robototexnika, “Buyumlar interneti”, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash va oʻrganish Filialning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

    Qaror bilan Universitet huzurida faoliyat yurituvchi, oliy taʼlim tizimi bilan integratsiyalashgan oʻrta maxsus professional taʼlim bosqichida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar (11 ta) tashkil etiladi.

    Filial va texnikumlar yuridik shaxs maqomiga ega Universitetning tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi.

    Filial va texnikumlarda oʻquv jarayoni 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi.

    Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika OTMlariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qoʻshimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

    Filial hamda Toshkent viloyati axborot texnologiyalari texnikumi binosini qurish uchun yer maydoni Toshkent viloyatining Nurafshon shahri “Nurafshon business city” hududidan ajratiladi.