Uchrashuv avvalida uyushma rahbariyati tomonidan Rossiya kompaniyasiga mamlakatimizning charm-poyabzal va moʻynachilik sohasidagi ishlab chiqarish imkoniyatlari, investitsion va eksport salohiyati haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Shuningdek, xorijiy investorlar uchun davlat tomonidan berilgan imtiyoz va yaratilgan sharoitlar haqida axborot berildi.

Oʻz navbatida “TAVRO” kompaniyasi rahbari Oʻzbekistonning charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida oʻsish dinamikasi kuzatilayotgani, shu bois Rossiya kompaniyalari Oʻzbekistonga oʻz sarmoyalarini kiritishga katta qiziqish bildirayotganini maʼlum qildi.

Muloqot davomida Rossiya kompaniyasi Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va yangi korxona ochish tashabbusini bildirdi. Shu maqsadda uyushmaga aʼzo korxonalarga tashrif buyurib u yerda yaratilgan sharoitlarni oʻrganishni reja qilgan.

Shuningdek, “TAVRO” kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga oʻzining poyabzal ishlab chiqarish uchun pardozlangan charmlar, premium va oʻrta segmentdagi charm-attorlik buyumlari bilan kirib kelishni rejalashtiryapti, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

Muloqot soʻngida ikki tomonlama hamkorlikning kelgusi istiqbollariga oid masalalar atroflicha muhokama etildi.