2020/2021 o'quv yilidan boshlab, tegishli qarorlar asosida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun oliy ta'limga ajratiladigan davlat grantlari soni ikki baravarga oshirish orqali ikki ming nafarga etkazish belgilangan, deyiladi Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi xabarida.

Shu munosabat bilan, joriy yilda “Oliy ta'lim muassasalariga qo'shimcha davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o'qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to'g'risida Nizom”da nazarda tutilgan, shuningdek, “temir daftar”  “ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning qiz farzandlari hamda “yoshlar daftari”ga kiritilgan, mazkur turdagi tavsiyanoma olish uchun talabgor bo'lgan jami 30 069 nafar xotin-qizlardan arizalar o'rnatilgan tartibda qabul qilindi.

Ushbu arizalar tuman (shahar) mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limlarida tegishli tashkilotlardan iborat Ishchi guruhlar tomonidan o'rganib chiqildi hamda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tomonidan respublikamiz bo'yicha 23 685 nafar xotin-qizlarga o'rnatilgan tartibda tavsiyanomalar berildi.

Mazkur tavsiyanomaga ega bo'lgan xotin-qizlarning 2 030 nafari Respublika oliy ta'lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta'lim shakli bo'yicha qo'shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilindi:

Qoraqalpog'iston Respublikasi — 114 ta;

Andijon viloyati — 184 ta;

Buxoro viloyati — 112 ta;

Jizzax viloyati — 86 ta;

Qashqadaryo viloyati — 199 ta;

Navoiy viloyati — 60 ta;

Namangan viloyati — 168 ta;

Samarqand viloyati — 227 ta;

Surxondaryo viloyati —158 ta;

Sirdaryo viloyati — 50 ta;

Toshkent viloyati — 179 ta;

Farg'ona viloyati — 223 ta;

Xorazm viloyati — 114 ta;

Toshkent shahri — 156 ta.