2021-yil 14-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.  Ushbu qarorda respublika boʻylab har bir tumanda aholi xonadonlariga  tovuq shuningdek,  kurka, oʻrdak, gʻoz va boshqa ommaviy boʻlmagan parranda turlarini tarqatish, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olish boʻyicha kooperatsiya ishlarini tashkil etish koʻrsatib oʻtilgan.

Ushbu topshiriqlar ijrosini xududlarda taʼminlash boʻyicha barcha zarur choralar koʻrilmoqda. Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumanida “Taxiatosh chikkens” MCHJ tomonidan parrandachilikda kooperatsiya tizimida ishlar yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi kunda jamiyatda 40 ming bosh, shundan, 10 ming boshdan ortiq xonaki ota-ona galasi parvarishlanmoqda. Ushbu xoʻjalikda parrandalar yer sharoitida boqilib, kuniga 4-4.5 ming dona inkubatsion tuxum olinmoqda.

Jamiyat tomonidan dastlab kooperatsiya tizimida ishlarni yoʻlga qoʻyish maqsadida 14 ta xonadonga 50, 70, 100 boshdan xonaki parrandalar tarqatildi. Xozirda esa xonadonlar soni 40 taga yetkazildi. Jamiyat tomonidan kelgusida xonadonlardan kuniga 2000-3000 donagacha  inkubatsion tuxum sotib olinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, tajriba tariqasida qoʻshni Beruniy tumanidagi qator xonadonlarga 400 boshga yaqin kurkaning nasli tez yetiladigan zotidan tarqatildi.

“Taxiatosh chikkens” MCHJ  tomonidan  aholi bilan ishlash hajmini oshirish maqsadida mahallalarda bir martalik quvvati 100, 150 va 250 bosh joʻja ochirishga moʻljallangan 50 dan ziyod inkubatorlar joylashtirildi. Inkubatorlardan chiqayotgan joʻjalar jamiyat tomonidan 3000 soʻmdan 4000 soʻmgacha sotib olinib, jamiyatning oʻzida 90-100 kun parvarishlanib, tuxum yetishtirish maqsadida qayta aholiga tarqatilib kelinmoqda.

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 16-fevral kuni chorvachilik va ipakchilik sohasida 2022-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar toʻgʻrisidagi videoselektor yigʻilishida Taxiatosh tumanidagi “Taxiatosh chikkens” MCHJ faoliyati eʼtirof etilib, Respublikaning har bir hududida aholi xonadonlariga 100 boshgacha xonaki parranda tarqatadigan 2 tadan parrandachilik korxonalarini tashkil etib, kooperatsiya asosida uy sharoitida parranda boqish va tuxum ishlab chiqarishni koʻpaytirish chorasini koʻrish topshirigʻi berildi.

Hozirda barcha viloyatlarda ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida, kooperatsiya usulida aholi bilan parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarni tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda.Shahrisabz tumanidagi “Zotli parranda tomorqa xizmati”, Beruniy tumanidagi “Qoʻngʻirot Qiyat”, Jondor tumanidagi “Arjuman bonu chorvasi”, Boʻka tumanidagi “Qishloq qurilish farovon parranda” va boshqa shunga oʻxshash koʻplar korxonalar shular jumlasidandir.

Jondor tumanidagi “Arjuman bonu chorvasi” fermer xoʻjaligi hududda broyler tovuq goʻshti yetishtirish boʻyicha kooperatsiya tashkil etilgan. Asosan, goʻsht yoʻnalishidagi broyler joʻjalari parvarish qilinadigan ushbu korxonada 150 ming bosh joʻja ochish uchun moʻljallangan inkubator mavjud. Birgina oʻtgan 2021-yilning oʻzida inkubatsiya usulida 2 milliondan ziyod broyler joʻjalari yetishtirilgan.

Fermer xoʻjaligi ushbu imkoniyatlaridan foydalanib, hududda kooperatsiyani tashkil etgan. Hozirda 150 dan ortiq aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida broyler joʻja va yem tarqatilgan. Yetishtirilgan broylerlar fermer xoʻjaligi tomonidan tarqatilgan xonadonlardan kelishilgan narxlarda qayta sotib olinmoqda.