Taxiatosh tumanida qoʻlbola usulda ishlab chiqarilgan qalbaki pul birliklarini aylanmaga kiritmoqchi boʻlgan jinoiy guruh qilmishlari fosh etildi. Bu haqda Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro 200, 100, 50 va 20 minglik kupyuradagi jami 7 500 000 qalbaki oʻzbek soʻmini 2,5 mln haqiqiy oʻzbek soʻmi kupyurasiga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qoʻlga olindi.
Tadbir davom ettirilib, mazkur fuqaro koʻrsatmasiga asosan, ushbu jinoyatga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslar xonadonlari koʻzdan kechirilganida, qalbaki pul birliklarini ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan noutbuk, rangli printer, turli xil oʻlchamdagi qaychi va chizgʻich buyumlari ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Mazkur holat yuzasidan boshqarma tomonidan qilmishga aloqador 8 nafar shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.