Bu haqida Kitob tumani hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 31 mart kuni Kitob tumani hokimligida tuman hokimi Rustam Gʻafurov hamda Yaponiyaning nufuzli xalqaro tashkiloti — Japan International Cooperation Agency vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtgan.
Muzokaralar davomida dovonda uzunligi 7 kilometr boʻlgan tunnel qurilishi yuzasidan xorijiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilgan loyiha takliflari va taqdimotlari koʻrib chiqildi.
Tomonlar loyiha doirasida zamonaviy muhandislik yechimlari, xavfsizlik talablariga mos infratuzilma yaratish hamda transport qatnovini yanada qulaylashtirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Taʼkidlanganidek, ushbu yirik infratuzilma loyihasining amalga oshirilishi hududlararo transport aloqalarini sezilarli darajada yaxshilash, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hamda iqtisodiy faollikni oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyiha yuzasidan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.