Xalqaro ahamiyatga ega M 39 “Toshkent-Termiz” avtomobil yoʻlining “Taxti qoracha” dovonida yoʻl torligi, xavfli burilish joylarining radiusi kichikligi, oldinda harakatlanib ketayotgan yuk transport vositalarining sekin harakatlanishi tufayli quvib oʻtishning imkoni yoʻqligi noqulayliklar tugʻdirmoqda.
Qashqadaryo viloyati hokimligining bildirishicha, shuni inobatga olgan holda avtomobil yoʻlining 3-toifadan 2-toifaga oʻzgartirgunga qadar yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan M2, M3 hamda N3 toifadagi transport vositalarining harakatlanishi vaqtincha cheklandi.
Avtotransport vositalarining tegishli toifalari boʻyicha izoh:
- M2 toifasi — yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan ortiq, eng katta vazni 5 tonnadan ortiq boʻlmagan avtotransport vositalari;
- M3 toifasi — yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan ortiq, eng katta vazni 5 tonnadan ortiq boʻlgan avtotransport vositalari;
- N3 toifasi — yuk tashish uchun moʻljallangan, eng katta vazni 12 tonnadan ortiq boʻlgan avtotransport vositalari.