Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi. Unda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Ozoda Parpiboyeva, IIV HPX boshligʻi oʻrinbosari Umida Abdullayeva, Bosh prokuratura boʻlim boshligʻi Oʻktam Oʻtayev, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshligʻi Islomiddin Xoliqov ishtirok etib, OAV vakillarining savollariga javob berdi.
Tadbirda qayd etilishicha, tazyiq va zoʻravonlik holatlarining 27 mingdan ortigʻi oilada, 3 mingdan ortigʻi koʻchada, 1 mingdan ortigʻi jamoat joyida, 81 tasi taʼlim muassasasida, 429 tasi ish joyida sodir etilgan. Jismoniy zoʻravonlik 9155 ta, jinsiy zoʻravonlik 68 ta, iqtisodiy zoʻravonlik 340 ta, ruhiy zoʻravonlik 18 mingdan ortiq, tazyiq 6 mingdan ortiq.
Himoya orderi berish natijasida 16 mingdan ortiq oila yarashtirildi, 14 mingdan ortiq nizo bartaraf etildi. Rasmiylashtirilgan 2862 ta himoya orderi natijasida maʼmuriy - jinoiy javobgarlik belgilanib, xotin-qizlarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlarining oldini olish hamda ijtimoiy reabilitatsiya ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 6 ta qarori, 4 ta qonun loyihasiga asoslantirilgan takliflar kiritildi. 8 ta vazirlik va idoralar bilan oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni tashkil etish boʻyicha 2022-yil iyul-dekabr oylariga moʻljallangan hamkorlik dasturiga oid qoʻshma qaror qabul qilindi va ijrosi nazoratga olindi.
9 ta vazirlik va idoralar bilan birgalikda xorijiy davlatlarga uzoq muddatga chiqib ketgan shaxslar, voyaga yetmaganlar orasida salbiy holatlarning barvaqt oldini olish, profilaktik hisobda turgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlash boʻyicha hamkorlikdagi chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, ijroga yoʻnaltirildi.
Chekka hududlardagi mahallalarda istiqomat qiluvchi ayollar uchun ijtimoiy reabilitatsiya qilish xizmatini kengaytirish maqsadida 28 ta hududiy va namunali tumanlararo markazlar qoshida 135 ta ijtimoiy maslahatxona tashkil etildi. Ushbu markazlar orqali 5 000 dan ortiq xotin-qizlarga maslahatlar va tavsiyalar berilmoqda.