Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish takomillashtiriladi

    “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-175-son, 10.05.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila – mahalla – tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi joriy etiladi.

    2024-yil 1-iyundan:

    • tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida boʻlgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar koʻrsatish tartibi joriy etiladi;
    • xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida roʻyxatga olinadi;
    • tazyiq va zoʻravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:

    – xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zoʻravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat oʻtkaziladi;

    – profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;

    – tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul boʻlimlariga joylashtiriladi;

    – rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir maʼlumotlar “Inson” markazlariga “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.