Gruziya xavfsizlik kuchlari 28-noyabr, payshanba kuni kechqurun Tbilisi markazida to'plangan namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va ko'zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi. Gruziya Ichki ishlar vazirligi maxsus vositalardan foydalanish haqida ogohlantirib, miting “yig'ilishlar va namoyishlar to'g'risidagi qonun doirasidan tashqariga chiqqanini” aytdi. 29-noyabr kuni ertalab departament namoyishchilar butkul tarqatib yuborilgani, 43 kishi hibsga olingani haqida xabar berdi.
Avvalroq namoyishchilar parlamentga tutash hududdan siqib chiqarilgan edi. Ayrim namoyishchilar Gruziya parlamenti oldidagi maydonga qaytishga harakat qilmoqda. Bir qancha namoyishchilar gimnaziya yaqinida to'planib, barrikadalar o'rnatishga kirishishdi, deb xabar berdi Paper Kartuli Telegram-kanali.
Gruziya poytaxti markazida vaqti-vaqti bilan namoyishchilar va politsiya o'rtasida to'qnashuvlar yuz berdi. Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, namoyishchilar huquq-tartibot idoralari xodimlari tomon turli xil narsalarni uloqtirgan, oqibatda IIVning uch nafar xodimi jarohatlandi. Ulardan ikki nafari shifoxonaga yotqizildi. Namoyishchilarning ba'zilari dubulg'a bilan jihozlangan, ularning bir qismi niqob kiygan.
Bosh vazir Irakliy Kobaxidze Yevropa Ittifoqiga qo'shilish bo'yicha muzokaralarni 2028-yilgacha to'xtaganini e'lon qilganidan keyin kecha Tbilisi va Gruziyaning boshqa shaharlarida stixiyali norozilik namoyishlari boshlandi.
Bir kun avval, 28-noyabr kuni Gruziya bosh vaziri Irakliy Koxabidze Gruziya 2028-yilgacha Yevropa Ittifoqiga kirish bo'yicha muzokaralarni boshlash masalasini ko'tarmasligini aytdi. Bu davrda mamlakat keyingi to'rt yil davomida Yevropa Ittifoqining har qanday byudjet grantlari va kreditlaridan butunlay voz kechadi. Kobaxidze bu haqda Yevroparlament Gruziyadagi o'tgan parlament saylovlarini keng ko'lamli qonunbuzarliklar tufayli tan olmagan va bir yil ichida yangi saylovlar o'tkazilishini talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qilganidan bir necha soat o'tib ma'lum qildi, deb xabar beradi dw.com.