TDAU talabalari Latviyada tahsil olishlari mumkin

    Ta'lim 14 Iyul 2022 2609

    2022-yil 11-12-iyul kunlari Toshkent davlat agrar universitetining Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Alisher Xasanov boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasining Latviyadagi elchixonasi koʻmagida Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universitetida boʻlib, muzokaralar oʻtkazdi.

    Oʻtkazilgan muzokaralar natijasida Toshkent davlat agrar universiteti (TDAU) va Latviya Tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti (LLU) oʻrtasida Qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish toʻgʻrisida shartnoma imzolandi. Endilikda talabalarimiz Latviyada tahsil olishlari va Yevropa Ittifoqida tan olingan diplomga ega boʻlishlari mumkin.

    Shartnomaga koʻra, oʻquv jarayoni “2+2” formulasi asosida “Oziq-ovqat texnologiyalari” va “Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va innovatsiyalari” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tashkil etiladi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Yevropa Ittifoqida tan olingan diplom beriladi.

    Bundan tashqari, Latviya tomoni bilan oʻtkazilgan muzokaralar yakunlari boʻyicha LLU ilmiy-laboratoriya infratuzilmasidan foydalangan holda Latviyaning tabiiy-iqlim sharoitiga moslashgan oʻzbek sholisining yangi navini koʻpaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Ushbu innovatsion loyihani amalga oshirishda ikkita oliy oʻquv yurti mutaxassislari ishtirok etadi. LLU loyihani amalga oshirish uchun Latviyadagi suv resurslarining koʻpligini hisobga olgan holda yer uchastkasi ajratadi hamda loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, Latviyada oʻzbek guruchini ishlab chiqarishni sanoatlashtirish istiqbollari oʻrganiladi.

    Muzokaralar davomida shuningdek, Oʻzbekiston qovunini Latviyaga eksport qilish masalasi ham koʻtarildi. Bu borada asosiy muammo qovunlarni toʻgʻri saqlagan holda yetkazish hisoblanadi. Shuni inobatga olib, ushbu yoʻnalishda ham birgalikda ish olib borishga kelishib olindi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.